Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

QANDAY BOLA 6 YOSHIDA MAKTABGA BORADI?

Farzandi olti yoshgacha bo‘lgan har bir ota-ona o‘z jigarbandini aqlli deb biladi va uni maktabga qabul qilishlarini so‘raydi. Lekin 6 yoshlilarning ma'lum qismigina 1-sinfga qabul qilinadi. Bu jarayon qanday kechadi?

Albatta, har bir ota-ona o‘z farzandining barcha sohalarda birinchi bo‘lishini xohlaydi. Shu sababli unga yozish va o‘qishni o‘rgatib, olti, hattoki besh yoshdan maktabga qabul qilishlarini so‘rab murojaat qiladilar.

Maktabga qadam qo‘yayotgan bugungi kunning bolasidan fikrlash ko‘nikmasi, yangi bilimlarni egallashga tayyorligi, yangi muhitga moslashish ko‘nikmasi, voqea-hodisalarni mustaqil ravishda tahlil etishi bilan bir qatorda uning maktab ta'limiga shaxsiy-irodaviy, ma'naviy, intellektual, ijtimoiy-psixologik jihatdan tayyorligi talab etiladi.

Bolaning maktabda samarali ta'lim olishi uchun unga o‘qishni va yozishni o‘rgatish unchalik muhim emas. Asosiysi, bolaning lug‘at boyligini oshirish, undan ongli va faol foydalana olishi, tovushni tiniq eshitishi, aniq talaffuz qilishi, ularni so‘zlardan ajrata bilishi, matematik tasavvurlarni egallashiga erishishidir. Agar bolada qo‘l mushakchalari yetarli darajada rivojlangan bo‘lsa, u maktabda 2-3 oy davomida yozish texnikasini qiyinchiliksiz egallab oladi. Ijodiy imkoniyatlarga ega bo‘lgan bola yangi o‘quv materialini mustaqil tushunib yetishga, izlanish faoliyatiga, pedagoglar va tengdoshlari bilan o‘zaro munosabatlarni o‘rnatishga tayyor bo‘ladi. U bilishga qiziquvchan, faol, tashabbuskor bo‘lib, kattalar tomonidan taklif etilgan topshiriqlarni bajaribgina qolmasdan, o‘zi ham boshqalar oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi. 

Olti yoshli bolalarning maktabga qabul jarayoni quyidagi tartibda amalga oshiriladi: O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining 2006 yil 5 yanvardagi 2/1-sonli qo‘shma buyrug‘i bilan tasdiqlangan "Olti yoshli bolalarning tibbiy ko‘rigi to‘g‘risidagi Nizom" asosida har yili 1 fevraldan 30 aprelgacha har bir tuman (shahar) xalq ta'limi va sog`liqni saqlash bo‘limlari hamkorligida tibbiy muassasalarda ishlab turgan tor doiradagi (pediatr, nevropatolog, bolalar jarrohi, ortoped, oftalmolog, stomatolog, endokrinolog, logoped va psixonevrolog) mutaxassislardan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan olti yoshli bolalarning tibbiy ko‘rigi o‘tkaziladi.

May-avgust oylarida esa tuman xalq ta'limi bo‘limida 6 yoshli bolalarga maktabga tavsiya berish bo‘yicha psixologik-pedagogik tashxis komissiyasi tuziladi. Mazkur komissiya Xalq ta'limi vazirligining 2006 yil 17 martdagi 60-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan "Olti yoshli bolalarning psixologik-pedagogik tashxis komissiyalari to‘g‘risida"gi Nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi. Komissiyaga tibbiy ko‘rik natijasida mutlaq sog‘lom deb topilgan bolalar kiritiladi. Ota-onalar psixologik-pedagogik tashxis komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • ariza;
  • yashash joyidan ma'lumotnoma;
  • tug‘ilganligi haqida guvohnomaning nusxasi;
  • bolaning tibbiy ko‘rik xulosasi.

Mazkur komissiya xulosasiga ko‘ra, 6 yoshli bolalar maktabga tavsiya etiladi.

Shunga muvofiq komissiyaga kelgan 6 yoshli bolaga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • predmetlarni guruhlashtirish, umumlashtirish;
  • predmetlarning fazoda, makonda joylashishini bilish;
  • qo‘l motorikasining rivojlanganligi;
  • diqqat, xotira, sezgi, tafakkur, idrok, xayol kabi bilish jarayonlarining rivojlanganlik darajasi yuqori bo‘lgan olti yoshli bolaga maktabda ta'lim olishi uchun tavsiya beriladi.

Kiritilgan vaqti: 29/11/2017 08:31;   Ko‘rilganligi: 286
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/faq/qanday-bola-6-yoshida-maktabga-boradi
Chop etilgan vaqti: 23/11/2019 03:10
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing