Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

KITOB O‘QIGAN HECh QACHON KAM BO‘LMAYDI

Narpay tumanidagi 17-umumta'lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Mohiniso Shomurodova O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallab, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Bolaligidanoq ilmga chanqoq Mohinisoning kitob mutolaasiga qiziqishida onasi, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Aziza opaning, otasi Shavkat akaning xizmatlari beqiyos. O‘n yoshida Aleksandr Sergeevich Pushkinning “Baliq va baliqchi haqida” ertagini o‘qib, kitob mutolaasiga qiziqishi oshgan Mohiniso o‘n yotti yoshga kirib-kirmay yuzdan ortiq kitobni o‘qib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Yosh kitobxon” tanlovida    g‘oliblikni egallab, respublikamizdagi minglab tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishdek faxr-iftixorga sazovor bo‘ldi.

Ona tili va adabiyot fanidan o‘tkazilgan fan olimpiadasining tuman bosqichida 1-o‘rinni egallab, olimpiadaning viloyat bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan, yengil atletika bo‘yicha viloyat turnirlarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallayotgan, ingliz, rus tillarini puxta o‘zlashtirib,ma'naviy yetuk, jismonan sog‘lom  bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan, shuningdek, she'riyatga qiziqishi balandligi bois badiiy ijod bilan shug‘ullanayotgan yosh shoira kelajakda maktabni bitirib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirishni, kinematografiya yo‘nalishida ham omadini sinab ko‘rib, filmlar suratga olishni orzu qiladi.

Ota-onasi va ustozlarining ishonchini oqlab, eng yaxshi yosh kitobxon nomiga musharraf bo‘lgan yosh ijodkorning kelgusidagi faoliyatida bundan-da yuksak omadlar yor bo‘lishini istaymiz.


Kiritilgan vaqti: 20/02/2018 12:25;   Ko‘rilganligi: 100
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/contests/kitob-oqigan-hech-qachon-kam-bolmaydi
Chop etilgan vaqti: 15/07/2019 21:38
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing