Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Samarqand shahrida xalqaro matematika musobaqasining II Respublika bosqichi o‘tkazildi

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev “Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma'naviy salohiyatga ega, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz”, deya ta'kidlaganlar. Albatta, yurtimizda iqtidorli va iste'dodli yoshlarimiz soni tobora ortib, o‘quvchilarimiz ilm-fan cho‘qqilarini egallayotgani, dunyoda O‘zbekiston nomini sharaflab, unga munosib avlod bo‘lib kamolga yetayotgani barchamizning qalbimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab o‘quvchi-yoshlarning salohiyatini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, o‘quvchilarning huquqiy-ma'naviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306 sonli qaroriga ko‘ra, yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrug‘ini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadida Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etilishi belgilangan. Mazkur qarorga asosan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va sovrindorlari eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 500 baravarigacha va ularning o‘qituvchilari 150 baravaridan 450 baravarigacha bo‘lgan miqdorlarda bir martalik pul mukofotlari bilan hamda fan olimpiadalarining respublika bosqichi g‘oliblari, ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining 30 baravaridan 50 baravarigacha bo‘lgan bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishi belgilangan. Shuningdek, Xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta'lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan tegishlicha qo‘shimcha ravishda (150% dan 200% gacha) ustama haqlari to‘lanadi. Bularning barchasi – mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarning kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlardir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xalq ta'limi vazirligi tashabbusi bilan 2014 yildan buyon umumta'lim maktablarining o‘quvchilari ushbu tanlovlarda ishtirok eta boshladi. Har yili jiddiy sinovlar natijasida tanlab olingan 4 nafar iqtidorli o‘quvchilar O‘zbekiston sha'nini himoya qilib, dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida 600 dan ortiq ishtirokchilar ichida g‘oliblar shohsupasidan joy olmoqda. Tahlillarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar xalq ta'limi tizimida umumta'lim maktablari o‘quvchilari Xalqaro matematika musobaqalari (IMC)da 2014 yildan boshlab (Koreya-2014, Xitoy-2015, Tailand-2016, Hindiston-2017, Bolgariya-2018) 3 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza va jamoaviy musobaqa natijalarida eng yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Joriy yilning 1-6 avgust kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida o‘tkaziladigan xalkaro matematika musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish uchun musobaqaning II Respublika saralash bosqichi Samarqand shahridagi 60-son maxsus maktab-internatida bo‘lib o‘tdi. Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan saralab olingan jami 140 nafar iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etishdi. Musobaqa ishtirokchilarining ishlarini adolatli va shaffof baholash maqsadida oliy ta'lim muassasalarining tajribali professor o‘qituvchilari jalb etildi. Xalqaro matematika musobaqasining II Respublika bosqichi ro‘yi zamin sayqali, buyuk mutafakkirlar yashab, ijod etgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tkazilishida ham o‘ziga xos ramziy ma'no bor, albatta. O‘z bilimi, tafakkuri, ulkan ilmiy kashfiyotlari, yuksak insoniy fazilatlari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan buyuk ajodlarimizning ezgu ishlarini davom ettirish, ularga munosib avlod bo‘lish har bir o‘quvchining sharafli burchidir. Bugungi musobaqada g‘oliblikni egallagan o‘quvchilar O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Vatanimiz sharafini himoya qilishadi.

Oxirgi o‘zgarish: 20/05/2019 08:40;   Ko‘rilganligi: 226
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/contests/samarqand-shahrida-xalqaro-matematika-musobaqasining-ii-respublika-bosqichi-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 21/11/2019 11:04
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing