Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Samarqandda fizika fanidan iqtidorli o‘quvchilar innovatsion olimpiadasining Respublika bosqichi o‘tkazildi

Joriy yilning 13, 14, 15 aprel kunlari Samarqand shahrida fizika fanidan iqtidorli o‘quvchilar innovatsion olimpiadasining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarning sog‘lom va barkamol, buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lib voyaga yetishi, ilm-fan, zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini chuqur egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2018 yilning “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishida ham pedagoglarga farzandlar ta'lim-tarbiyasiga yanada mas'uliyat bilan yondashish, ota-onalar bilan doimiy muloqotda bo‘lish,  yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barobarida ularni zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, Vatanga fidoyi, sodiq insonlar etib tarbiyalashdek mas'uliyatli va sharafli vazifa yuklatilgan.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta  ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasining 4-bandi-Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘limida ham ta'lim tizimi xodimlarining vazifasi yanada aniq ko‘rsatib berilgan.

Mamlakatimizning barcha sohalarida muhtaram Prezidentimiz rahbarligida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, ta'lim tizimiga, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e'tibor va g‘amxo‘rliklar, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarning jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk, barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

Muhtaram Prezidentimiz “Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma'naviy salohiyatga ega, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz”, deya ta'kidlaganlar. Albatta, yurtimizda iqtidorli va iste'dodli yoshlarimiz soni ortib, o‘quvchilarimiz ilm-fan cho‘qqilarini egallayotganligi, dunyoda O‘zbekiston nomini sharaflab, unga munosib avlod bo‘lib kamolga yetayotganligi barchamizning qalbimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

2018 yilning 13, 14, 15 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tasviriy san'at fanidan, Buxoro viloyatining Buxoro shahrida biologiya fanidan,  Navoiy viloyatining Navoiy shahrida kimyo fanidan, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida O‘zbekiston tarixi fanidan, Xorazm viloyatining Urganch shahrida matematika fanidan, Toshkent viloyatining Toshkent shahrida informatika fanidan  hamda Samarqand viloyatining Samarqand shahrida fizika fanidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining 2018 yil 9 apreldagi 90-sonli buyrug‘iga asosan, umumiy o‘rta ta'lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, o‘zaro do‘stona munosabatlarini mustahkamlash, o‘quvchilarning intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning fanlar bo‘yicha bilim va malakalarini almashishlariga hamda fanlardan olgan bilimlarini namoyon etishlariga imkoniyat yaratish maqsadida iqtidorli o‘quvchilar innovatsion olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand shahridagi 60-son maxsus maktab-internatida tashkil etilgan fizika fanidan innovatsion olimpiadaning respublika bosqichida barcha viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 56 nafar 8-9-10-sinf o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Innovatsion olimpiadaning tantanali ochilish tadbirida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi Ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Seytkamolov, Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi. Narpay tumanidagi 17-umumta'lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi Mohiniso Shomurodova yurtimizda yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida faxrlanib gapirib, o‘quvchilarga omad tiladi.

Innovatsion olimpiada Nizomiga ko‘ra, o‘quvchilar yozma ish va onlayn test sinovlarida ishtirok etishdi. Hakamlar hay'ati tarkibi SamDU fizika fakulteti, TATU Samarqand filiali qoshidagi akademik-litsey, SamQXI qoshidagi akademik-litsey va umumta'lim maktablarining tajribali o‘qituvchilaridan shakllantirilib, adolatli va xolisona baholandi.

Shuningdek, innovatsion olimpiadaning viloyat bosqichida matematika, informatika, kimyo, biologiya, tarix, tasviriy san'at fanlaridan g‘oliblikni egallagan 36 nafar iqtidorli o‘quvchilarimiz innovatsion olimpiadaning respublika bosqichiga yo‘llanma olib,  o‘z bilimi va iqtidorini namoyon etish uchun Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlaridan yuqori natijalarni qo‘lga kiritib qaytishdi.

Samarqand viloyatida fizika fanidan innovatsion olimpiadaning respublika bosqichi o‘tkazilishida o‘ziga xos ramziy ma'no bor, albatta. Sohibqiron Amir Temur poytaxti bo‘lgan Samarqand azaldan o‘zining buyuk mutafakkirlari, allomalari bilan dunyoga dong‘i ketgan azim shahardir.

Respublikamizning barcha viloyatlaridan va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan viloyatimizga tashrif buyurgan innovatsion olimpiada ishtirokchilari va ularga hamrohlik qiluvchi mehmonlar bilan Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon maydoni va shaharning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirildi.

Innovatsion olimpiada ishtirokchilari va o‘qituvchilar mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Innovatsion olimpiadadan so‘ng o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida ishtirokchilar bilan treninglar o‘tkazilib, barcha jamoalarga Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasining faxriy yorliqlari topshirildi.

Innovatsion olimpiadaning tantanali yopilish tadbirida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi Ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Seytkamolov, Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashev, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov, Pastdarg‘om tumanidagi 28-IDUMI direktori, “Shuhrat” medali sohibi M.Abdiyeva, Samarqand shahridagi 6-umumta'lim maktabi o‘qituvchisi, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi” davlat mukofoti sohibi F.Gaffarova hamda viloyatlardan tashrif buyurgan ustozlar innovatsion olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblari va sovrindorlariga Xalq ta'limi vazirligining 1, 2, 3 darajali diplomlari, sertifikatlari va esdalik sovg‘alarini topshirdilar.

Viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi yosh iste'dod egalari tomonidan ijro etilgan quvnoq kuy-qo‘shiqlar dillarga zavq ulashdi.


Kiritilgan vaqti: 15/04/2018 15:19;   Ko‘rilganligi: 207
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/contests/samarqandda-fizika-fanidan-iqtidorli-oquvchilar-innovatsion-olimpiadasining-respublika-bosqichi-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 16/09/2019 17:41
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing