Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

“Super dada”lar tanlovi

Har bir er kishi, yigit, harbiy bo‘lmasa-da,  u ham oila degan kichik bir qo‘rg‘onning himoyachisi, oila esa Vatan ichra kichik bir Vatandir.

Tayloq tumanidagi 18-maktabgacha ta'lim muassasasida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Super dadam” deb nomlangan tanlov o‘tkazildi. Tanlovda MTM tarbiyachilari, tarbiyalanuvchilar va ularning ota –onalari ishtirok etishdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Davlat  Madhiyasi bilan boshlandi. MTM mudirasi T.Shamsiyeva yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi.

O‘sib kelayotgan yosh avlodning kelajakda qanday inson bo‘lib yetishishi uning bolalikda olgan ta'lim-tarbiyasiga bog‘liq, – deydi muassasa rahbari. – Bola tarbiyasi samarasi nechog‘lik bo‘lishi ota-onaning e'tiboriga bog‘liq. Chunki, bolaning asosiy maktabi – oila hisoblanadi. Ma'lumki, “Otalar maktabi” – bu pedagogik ta'limni tashkil etishda ish shakllaridan yangi tashviqot turi hisoblanib, Dasturning maqsadi maktabgacha ta'lim muassasasida bola shaxsini rivojlantirishda, uni komil inson qilib tarbiyalashda, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol qilib voyaga yetkazishda oilaning, ayniqsa, otalarning roli va ularning oilada tutgan o‘rnini alohida e'tirof etgan holda,  ularning hayotiy tajribasini ijodkorlikka yo‘naltirish va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etishga karatilganligi bilan ahamiyatlidir. A.Karimov, A.Gadoyev, S.Husenov, I.Rahmonov, B.Qosimov, A.Rahmonov, M.G‘aniyev, Sh.Nizomov, Sh.Muhammadiyev, J.Berdiyev kabi otalar MTMda tashkil etilgan  “Otalar maktabi”ning faol a'zolaridan sanalishadi.

Darhaqiqat, shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, farzand tarbiyasida otaning o‘rni beqiyos va bu vazifa uning zimmasiga bir qancha ma'suliyat yuklaydi. Garchi maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalar ko‘proq ona bilan muloqotda bo‘lishsa-da, uning bog‘lanishini ta'minlab turuvchi asosiy vazifani otalar bajarishi zarur.

Tadbirda  “Otalar har  xil bo‘ladi” she'ri o‘qib berildi. Shundan so‘ng belgilangan shartlar bo‘yicha “Mening super dadam” tanlovi o‘tkazildi.

Tanlov natijalariga ko‘ra ruhshunos tavsiyalari tinglandi. Ta'kidlanganidek,  bolaning injiqligi ko‘pincha ota-onalar tomonidan ularga e'tibor kamligidan yuzaga keladi. Bola sizga muhtoj. Bu holatga e'tibor bering. Doimo bolaning qo‘lini ushlab, ochiq chehra bilan  bag‘ringizga bosing, uning beg‘ubor ko‘zlariga qarab,fikrlarini tinglang. Shunda farzandingizga naqadar kerak ekanligingizni qalban his etasiz.

Tanlov yakunida barcha otalar MTM ma'muriyati tomonidan rag‘batlantirilib, “SUPER DADAM” medali, tashakkurnoma,  bolalarga oid ertak kitoblar va bolalar ishlari asosida sovg‘alar taqdim etildi.


Kiritilgan vaqti: 16/01/2017 06:56;   Ko‘rilganligi: 204
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/contests/super-dadalar-tanlovi
Chop etilgan vaqti: 17/09/2019 13:56
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing