Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

YILNING ENG YAXSHI FAN O‘QITUVCHISI

2017 yil 5-8 aprel kunlari viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida umumta'lim maktablari o‘qituvchilari o‘rtasida «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovining viloyat bos­qichi bo‘lib o‘tdi.

Umumta'lim maktablari o‘qituvchilarining bilim va malakasini, ta'lim-tarbiyaning samaradorligi hamda sifatini oshirish, o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi, ijodiy faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash, ular orasidan ilg‘or, ijodkor, tashabbuskor, fidoyi o‘qituvchilarni aniqlash, yosh avlodni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘quv-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tanlovning tuman va shahar bos­qichida 12 ming 925 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi. Ular orasidan tarix, milliy istiqlol g‘oyasi, nemis tili, rus tili va adabiyoti, matematika, fizika, kimyo hamda informatika fanlaridan bilim va malakasini, pedagogik mahoratini namo­yish etgan 115 nafar o‘qituvchi tanlovning viloyat bosqichida qatnashishdi. Viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining fan mutaxassislari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning malakali va tajribali o‘qituvchilaridan iborat hakamlar hay'ati ishtirokchilarning bilim va mahoratlarini baholab borishdi.

Tanlovning birinchi shartida o‘qituvchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha elektron (onlayn) test topshirishdi. Unda 40 ball­dan yuqori natijaga erishgan o‘qituvchilar ikkinchi – yozma ish shartida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar. Ushbu shart qoidalariga ko‘ra o‘qituvchining berilgan savol mazmuni va maqsadini to‘liq ochib berishi, metodik jihatdan to‘g‘ri talqin qilganligi, bildirgan mustaqil fikrlarining asosliligi hamda mavzuni bugungi davr bilan bog‘lay olishiga alohida e'tibor qaratildi va 25 ballik ko‘rsatkichda baholandi. Tanlov Nizomiga muvofiq, ikkala shartdan 60 ball to‘plagan ishtirokchi uchinchi shart­da qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Mazkur shart tanlovning asosiy mazmunini tashkil etib o‘qituvchilarning dars o‘tish mahorati sinovdan o‘tkazildi. Unda fan o‘qituvchisining nutqi, axborot berish savodxonligi, metodik mahorati va ijodkorligi, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishi, o‘quvchilarni fanga qiziqtira olishi, dars va mash­g‘ulotlarda samaradorlikka erishishi e'tiborga olindi.

Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, informatika fanidan Jomboy tumanidagi 20-umumta'lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi D.O‘rinov 1-o‘rinni, Ishtixon tumanidagi 1-IDUM informatika fani o‘qituvchisi A.Tolibov 2-o‘rinni, matematika fanidan Ishtixon tumanidagi 1-IDUMning matematika fani o‘qituvchisi V.Fayzullayev 1-o‘rinni, Samarqand tumanidagi 16-umumta'lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi J.Xolov 2-o‘rinni, Bulun­g‘ur tumanidagi 13-umumta'lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi M.Parmonov 3-o‘rinni, fizika fanidan Past Darg‘om tumanidagi 68-umumta'lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi D.Boboyev 1-o‘rinni, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 88-umumta'lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi A.Mirzayev 2-o‘rinni, rus tili fanidan Samarqand shahridagi 42-umumta'lim maktabining rus tili (rus sinflarda) fani o‘qituvchisi L.Fridman 1-o‘rinni, Ishtixon tumanidagi 35-umumta'lim maktabining rus tili (rus sinflarda) fani o‘qituvchisi G.Jalilova 2-o‘rinni, tarix fanidan Samarqand shahridagi 48-umumta'lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi U.Amonova 1-o‘rinni, Tayloq tumanidagi 59-umumta'lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi N.Qamariddinova 2-o‘rinni, Katta­qo‘rg‘on tumanidagi 4-umumta'lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi I.Hakimov 3-o‘rinni, milliy istiqlol g‘oyasi fanidan Samar­qand shahridagi 1-IDUM o‘qituvchisi D.O‘rinova 1-o‘rinni, Jomboy tumanidagi 40-IDUM o‘qituvchisi R.Hamroyev 2-o‘rinni egallashdi.

Xullas, tanlov Nizom talablari asosida o‘tkazilib eng yuqori ball to‘plagan o‘qituvchilar tanlovning respublika bos­qichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.


Kiritilgan vaqti: 09/04/2017 14:53;   Ko‘rilganligi: 302
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/contests/yilning-eng-yaxshi-fan-oqituvchisi
Chop etilgan vaqti: 07/12/2019 13:00
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing