Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi

Xalq talimi vazirligining 2018 yil 5 apreldagi 89-son buyrug‘iga asosan, tizimda faoliyat olib borayotgan fan o‘qituvchilari orasidan ilg‘or, ijodkor, tashabbuskor, fidoyi o‘qituvchilarni aniqlash, ijodiy  faolligini oshirish, yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘quv-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” Respublika tanlovi tashkil etilishi belgilangan.

Mazkur buyruq ijrosini ta'minlash maqsadida viloyat xalq ta'limi boshqarmasining 2018 yil 7 apreldagi 101-sonli buyrug‘i tasdiqlanib, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari hamda viloyatdagi barcha umumta'lim maktablariga yetkazildi.

Tanlovning maktab bosqichida 12 ta umumta'lim fanlaridan viloyatdagi mavjud 1200 ta umumta'lim maktablaridan jami 17795 nafar  o‘qituvchi ishtirok etdi.

2018 yil 30 aprel -5 may kunlari Samarqand shahrida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Tanlovning tuman (shahar) bosqichida  g‘oliblikni egallagan 191 nafar o‘qituvchidan buyurtma qabul qilinib, tanlovning viloyat bosqichida ishtiroki ta'minlandi.

Shu bilan birga joriy yilning 30 aprel – 5 may kunlari Samarqand shahridagi 43-IDUM, 51-IDUM, 14, 17, 21, 37, 45- umumta'lim maktablari hamda Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi rahbarlari tanlov jarayonining tartibli o‘tishini ta'minlab, ishtirokchilarga kerakli shart-sharoitlarni yaratib berganligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Hakamlar hay'ati tarkibi Samarqand davlat universiteti, universitet huzuridagi pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi professor-o‘qituvchilari va umumta'lim maktablarining oliy toifali fan o‘qituvchilaridan shakllantirilib, tanlovning adolatli va xolisona o‘tkazilishi ta'minlandi.

Tanlov ishtirokchilari hakamlar hay'ati tomonidan ishtirok etayotgan fani bo‘yicha qur'a tashlash yo‘li bilan tanlangan mavzu bo‘yicha kompyuterda dars ishlanmasi yozish, tanlovda ishtirok etayotgan fani bo‘yicha “Fanni o‘qitishdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida” taqdimot qilish, ma'lum mavzu bo‘yicha qur'a tashlash yo‘li bilan tanlangan notanish sinfda dars mashg‘uloti o‘tish hamda fani bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan taqdim etilgan elektron dastur yordamida onlayn test savollariga javob berish kabi shartlar bo‘yicha baholandilar.

Viloyat tashkiliy qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, 12 ta umumta'lim fanlaridan 1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan 36 nafar o‘qituvchi aniqlanib, faxrli 1-o‘rinni egallagan 12 nafar o‘qituvchi tanlovning Respublika bosqichida qatnashish uchun tavsiya etildi.


Kiritilgan vaqti: 07/05/2018 09:03;   Ko‘rilganligi: 190
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/contests/yilning-eng-yaxshi-fan-oqituvchisi-2018
Chop etilgan vaqti: 16/09/2019 17:42
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing