Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Bobolar matonati unutilmaydi

Joriy yilning 5 may kuni boshqarma tasarrufidagi Oqdaryo tumanida joylashgan «Ustoz» dam olish sihatgohida xalq ta'limi tizimida faoliyat yuritib, ayni paytda farzandlaru nabiralar ardog‘ida keksalik gashtini surayotgan 120 nafar urush va mehnat faxriylari uchun bayram tadbiri tashkil etilib, ularga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an'analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish – bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligi yana bir bora ta'kidlangan. Butun dunyoda millionlab insonlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in bo‘lganini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Kechgan og‘ir kunlar yodi bugun nafaqat urush qatnashchilari, balki butun avlodlar xotirasidan hali hamon o‘chgani yo‘q. Shu o‘rinda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, iymoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tom ma'nodagi milliy qadriyatga aylangan. Bu esa ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarni ona Vatanga sadoqatli, mehnatsevar, ajdodlarga munosib avlod etib tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda viloyat xalq ta'limi Faxriylar uyushmasiga 15849 nafar faxriy ustozlar a'zo bo‘lib, ulardan 16 nafarini Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 163 nafarini front ortida mehnat qilganlar hamda 179 nafarini Afg‘oniston va Chernobilda xizmat qilganlar tashkil etadi. Bayram arafasida viloyat xalq ta'limi boshqarmasi Faxriylar uyushmasi va uning shahar (tuman) bo‘limlari rahbarlari keksa avlod vakillarining uylariga borib, holidan xabar olinmoqda. Ularga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordam va bayram sovg‘alari ulashildi. Bundan tashqari xalq ta'limi faxriylarini O‘zbekistonning tarixiy joylariga sayohatlarga olib borish ham rejalashtirilgan. Bayram tadbirida so‘zga chiqqanlar bugungi tinch va dorilomon kunlarga shukronalar aytishdi. Viloyat san'at ustalari tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik mavzusidagi kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.


Oxirgi o‘zgarish: 27/06/2018 02:21;   Ko‘rilganligi: 211
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/bobolar-matonati-unutilmaydi
Chop etilgan vaqti: 15/10/2019 09:51
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing