Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

IQTIDORLI YOSHLARGA SERTIFIKATLAR TAQDIM ETILDI

2017 yilning 23 iyun kuni viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida umumta'lim fanlari olimpiadasi g‘oliblari, ularning ota-onalari va o‘qituvchilar ishtirok etgan tadbirda fan olimpiadasining viloyat bosqichida 1-5 o‘rinlarni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 86 nafar o‘quvchilarga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Xalq ta'limi vazirliklarining sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov, metodika bo‘limi boshlig‘i Dilrabo Saydullayeva yurtimizda ta'limga, yoshlarga qaratilayotgan ulkan e'tibor tufayli iqtidorli o‘quvchilarimiz safi tobora oshib borayotganligi, umumta'lim maktablari o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalari va turli ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, mustaqil O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilayotganligini faxr bilan e'tirof etib, ularning kelgusidagi o‘qishlariga yanada ulkan zafarlar tiladilar.

Darhaqiqat, O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlar mamlakatidir. Bugun yoshlarimiz, fan, ta'lim, madaniyat, san'at, sport kabi o‘nlab sohalarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishib, yurtimiz dovrug‘ini olamga yoymoqdalar.

-Inson ulug‘ maqsadni ko‘zlab, unga astoydil intilsa, kitob o‘qishga qiziqsa, albatta niyatiga erishadi, – deydi Ishtixon tumanidagi                      1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Dildora O‘roqova. – Men 5-sinfda o‘qiyotgan vaqtimdanoq turli ko‘rik-tanlovlarga qatnashib, yuqori natijalarga erishmoqdaman. Yaqinda bo‘lib o‘tgan umumta'lim fanlari olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli o‘rinni egalladim. Joriy o‘quv yilida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. Muhtaram Prezidentimiz biz yoshlarga katta ishonch bildirmoqdalar. Biz bu ishonchni albatta oqlaymiz.

So‘zga chiqqan ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Tadbirda viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazining iste'dodli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan Ona Vatan, beg‘ubor bolalik, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar yangradi.


Kiritilgan vaqti: 24/06/2017 15:56;   Ko‘rilganligi: 65
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/iqtidorli-yoshlarga-sertifikatlar-taqdim-etildi
Chop etilgan vaqti: 17/06/2019 20:06
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing