Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

KITOBXONLIK OYLIGI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2017 yil 12 yanvardagi  “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish,  kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoyishida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ma'rifiy tadbirlarni muntazam va tizimli tarzda keng tashkil etish nazarda tutilgan.

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov asarlarining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida mahallalar, oliy, o‘rta maxsus, umumiy o‘rta ta'lim muassasalari hamda mehnat jamoalarida “Islom Karimov asarlari bilimdoni” kitobxonlik oyligi tashkil etildi.

Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borgan ulkan bunyodkorlik ishlari, sermazmun va sermahsul, barchaga ibrat hayoti va bemisl faoliyatini targ‘ib etish, uning muallifligidagi asarlar mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish orqali yoshlarimizda chin insoniy fazilatlar, jumladan, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi xislatlarni shakllantirish ma'naviy hayotimiz uchun g‘oyat ahamiyatlidir.

Ayniqsa, yoshlarimizni iymon-e'tiqodli, milliy qadriyat va an'analarga sodiqlik, yuksak ma'naviyatli, Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi uchun daxldorlik ruhida tarbiyalashda Islom Karimov asarlarini keng o‘rganish va o‘rgatishning ahamiyati katta.

O‘zbekiston xalqining mustaqillikka erishishi va tinch hayotning barqaror bo‘lishi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bog‘liq. Shu bois bu ulug‘ insonning asarlarini o‘rganish hamda yosh avlod ongiga singdirish har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Yoshlarimizda Vatanga sadoqat, milliy qadriyat tuyg‘ulariga sadoqat tushunchalari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ko‘plab asarlarida amaliy jihatdan ko‘rsatib berilgan. Bugungi kunda yosh avlodni tarbiyalashda Birinchi Prezidentimizning kitoblari dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Viloyatimiz tuman, shahar xalq ta'limi bo‘limlari tasarrufidagi ta'lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov asarlarining mazmun-mohiyatini keng tar­g‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan “Islom Karimov asarlari bilimdoni” kitobxonlik oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda ham bu alohida e'tirof etildi. Ta'lim muassasalarida taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar, madaniyat va san'at namondalari, ma'naviyatchilar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etilib, “Mustaqillik me'mori” mavzusida ma'naviyat soatlari, ma'rifiy davra suhbatlari o‘tkazildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti  I.A.Karimov tahsil olgan Samarqand shahridagi 21-umumta'lim maktabida o‘tkazilgan kitobxonlik oyligi davomida ham o‘qituvchi va o‘quvchilar “Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch”, “Barkamol avlod orzusi”, “Ona yurtimizning baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir”, “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” kabi asarlarini mutolaa qilishdi. Oylik yakunida  “Islom Karimov asarlari bilimdoni” viktorinasi o‘tkazildi.

Shu mavzudagi tadbirlar viloyatimizdagi barcha umumta'lim maktablarida tashkil etilib, unda mahalla faollari va  keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.


Kiritilgan vaqti: 10/12/2017 07:53;   Ko‘rilganligi: 296
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/kitobxonlik-oyligi
Chop etilgan vaqti: 20/11/2019 07:11
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing