Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MEHR VA E'TIBOR OG‘USHIDA

Bolalik – inson umrining bahori, orzulari debochasi, beg‘uborlik faslidir. Mamlakatimizda ham o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan 2017 yil 26 maydan 31 may sanasiga qadar “Yoshlik” istirohat bog‘ida bolajonlar uchun tashkil etilgan bayram tadbirlariga har bir tuman, shahardan 100 nafardan, Samarqand shahridagi Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarining barcha tarbiyalanuvchilari jalb etilib, istirohat bog‘idagi attraksionlar bepul xizmat ko‘rsatdi, bolalar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi. Shuningdek, “Amininvest” MCHJ, “8 Mart” MCHJlar tomonidan viloyat tadbiriga taklif etilgan bolalar uchun 1600 dona futbolka, kepka va shortiklar sovg‘a qilindi.

Joriy yil 1 iyunkuni  Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i hududidagi Kamol Ota Turk ko‘chasida viloyat xalq ta'limi boshqarmasining “Har bir bolaga mehr, e'tibor!” shiori ostida bayram tadbirlari tashkil etildi.

Bayram tadbirida viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura, voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya a'zolari hamda qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari A.Umarov, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘ofurova, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Norbekov, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashev bolajonlarni 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan tabriklab, bolajonlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi. Ularning yurt kelajagi, Vatan ravnaqi, buyuk ajdodlarga munosib avlodlar bo‘lib kamol topishlari uchun mustaqil yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida barcha shart-sharoitlar yaratib berilganligini ta'kidlab,  kelgusidagi o‘qishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Bayramga bag‘ishlangan konsert dasturida Ona Vatan, baxtli bolalik,  tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar yangradi, raqslar ijro etildi. Ayniqsa, sharlar va gullar bilan o‘ralgan ramziy  kirish darvozasi bolajonlarni afsonaviy ertaklar olamiga chorladi. Maktabgacha  ta'lim muassasalarining qo‘g‘irchoq teatri va ertak qahramonlarining chiqishlari tashkil  qilindi.

Samarqand shahridagi umumta'lim maktablari o‘quvchilari tomonidan turli millat vakillarining urf-odatlari va milliy kiyimlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Tadbir davomida maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va ularning oila azolari  o‘rtasida “Oilaviy quvnoq startlar” musobaqasi, maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Kichkintoy-shirintoy” sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Musoboqa g‘oliblari tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbir doirasida viloyat va shahar Axborot-resurs markazlarining badiiy va ilmiy ommabop adabiyotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bolalar musiqa va san'at maktablarining iste'dodli o‘quvchilari “Ona yurt ohanglari” mavzusida konsert dasturlarini namoyish etishdi. Shahardagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarining ko‘rgazmasi va ko‘rgazmali chiqishlari, sportning bir necha turlari bo‘yicha viloyat, respublika hamda xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni egallagan yosh sportchilari ishtirokida sport musobaqalari tashkil etildi.

Shuningdek, “Mustaqil yurt farzandiman” mavzusida Samarqand shahridagi umumta'lim maktablarining 5-8-sinf iqtidorli rassom o‘quvchilari o‘rtasida malbert va asfaltga rasm chizish tanlovi o‘tkazildi.

Shahardagi 4-5-sinf  o‘quvchilari ishtirokida maxsus avtomaydonchada “Quvnoq qoida” nomli radio to‘lqin orqali boshqariladigan avtomobillar poygalari tashkil etildi.

Samarqand shahridagi umumta'lim maktablari, viloyat va Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar markazining to‘garak a'zolari tomonidan qo‘lda yasalgan samolyot modellari, suvda suzuvchi paraxodlar, akkumulyatorlar yordamida harakatlanuvchi transport vositalari, zardo‘zlik, kulolchilik, ganchkorlik va yog‘och o‘ymakorligi to‘garaklari a'zolarining ko‘rgazmasi va amaliy ijodi tashkil etildi.

Samarqand shahridagi Bolalar musiqa va san'at maktablarining xalq cholg‘ulari, damli va zarbli cholg‘ulari ko‘rgazmasi va ko‘rgazmali chiqishlari tashkil qilindi.

Shahardagi maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Kim ko‘p she'r biladi?” tanlovi hamda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ingliz tilidagi ertaklar taqdimoti o‘tkazildi.

Viloyat prokuraturasi, viloyat hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro hukumatga qarashli bo‘lmagan xayriya jamg‘armasining viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda  kam ta'minlangan oila farzandlariga, shuningdek, vasiylik va  homiylik tayinlangan hamda otasi yoki onasi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan fuqarolarning 75 nafar farzandlariga viloyatdagi “Sitora” yozgi dam olish oromgohida dam olishi uchun imtiyozli yo‘llanmalar topshirildi.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni barcha tuman, shahar markazlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida teatrlashtirilgan tadbirlar, konsert dasturlari, bolalar ijodiyoti ko‘rgazmalari, sport musobaqalari hamda ommaviy sayr-tomoshalari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirlarga viloyat bo‘yicha jami 88150 nafar (79890 nafardan ortiq bolalar) qatnashchilar ishtirok etishdi.


Kiritilgan vaqti: 01/06/2017 15:51;   Ko‘rilganligi: 129
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/mehr-va-etibor-ogushida
Chop etilgan vaqti: 15/07/2019 21:39
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing