Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Muallimalarga ehtirom

Bahor bayramlar bilan boshlanadi. Bahorning ilk bayrami esa 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunidir. 2017 yil 7 mart kuni Samarqand shahridagi “Sangizar” bazmgohida viloyatimiz xalq ta'limi tizimida samarali faoliyat yuritayotgan bir guruh muallimalar hamda nafaqadagi faxriy ustozlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirni viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Umarov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni bahor va go‘zallik bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Ta'kidlanganidek, barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ayol zoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib voyaga yetkazgan ona siymosi oldida hamisha ta'zimdamiz. Ayniqsa, aziz ayollarning sog‘lom zurriyot, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdagi o‘rni va xizmatini hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi. Ayollarning mehr-muhabbati, vafo va sadoqati, fidoiyligi sababli hayotimiz charog‘on. Shoirlar bejizga ayollarni bahorga qiyoslamagan. Chunki ayollar go‘zallik va nafosat timsolidir. Birinchi Prezidentimizning 2004 yil 25 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ushbu tuzilma ishini takomillashtirish, ayollarning hayotdagi rolini oshirish, mahallalardagi ma'naviy muhitni mustahkamlash, sog‘lom oilalarni shakllantirishda muhim omil bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoevning 2017 yil 14 fevraldagi F-4849-sonli “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoyishida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirish, xotin-qizlar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchi qizlarining bandligini ta'minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, oila asoslarini yanada mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ham xotin-qizlar masalasiga alohida e'tibor qaratilgan.

Bugungi kunda Samarqand viloyati xalq ta'limi tizimida mehnat qilib kelayotgan 52237 nafar pedagog xodimlarning 36114 nafari ya'ni 69 foizi ayol pedagog xodimlar bo‘lib, ularning 975 nafari rahbar lavozimida ishlab kelmoqda. Mustaqillik yillarida viloyat xalq ta'limi sohasida faoliyat olib borayotgan muallimalarning 180 nafariBirinchi Prezidentimiz tomonidan davlatimizning yuksak orden va medallariga sazovor bo‘lishgan. Jumladan, 25 nafar pedagoglar “Do‘stlik” ordeni, 7 nafar 1-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, 11 nafar 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, 10 nafar “Mehnat shuhrati” ordeni, 2 nafar “El yurt hurmati” ordeni, 2 nafar “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni, 74 nafar “Shuhrat” medali, 11 nafar “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, 15 nafar “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, 1 nafar “o‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”, 18 nafar “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi”, 4 nafar pedagoglar esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan.

Hurmatli ayollarimizning ko‘pchiligi bugungi kunda yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalarini rivojlantirish maqsadida turli mas'uliyatli vazifalarda samarali faoliyat yuritayotgani barchamizni quvontiradi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarda deputatlarning 30 foiziXotin-qizlar bo‘lsa, bugungi kunda viloyatimizdan 3 nafar ayollarimiz Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolari sanaladi. Ulardan biri Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 20-umumta'lim maktabi direktori, senator Zaynab Berdiyevadir. Bundan tashqari xalq teputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarida 149 nafar opa-singillarimiz faol ish olib bormoqdalar. O‘quvchi qizlarimiz erishayotgan yutuqlar ham salmoqli bo‘lmoqda. 8 mart bayrami arafasida Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi O‘roqova Dildora Akmaljon qizining ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lishi barchamizni cheksiz quvontirdi. O‘z iqtidori va intiluvchanligi bilan tengdoshlariga ibrat ko‘rsatgan qizlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

So‘zga chiqqanlar yurtimizda ta'limga, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rliklar uchun o‘z minatdorchiliklarini bildirishdi. Bayram tadbirida viloyatimizning taniqli xonandalari tomonidan Ona Vatanimizni, tinchlikni, bahorni, ayolni ulug‘lovchi qo‘shiqlar ijro etildi.


Kiritilgan vaqti: 01/03/2017 08:39;   Ko‘rilganligi: 195
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/muallimalarga-ehtirom
Chop etilgan vaqti: 16/10/2019 07:55
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing