Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Mustaqillik me'mori

2017 yil 31 yanvar kuni Samarqand shahridagi 21-umumta'lim maktabida respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqillik me'mori Islom Abdug‘aniyevich Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Viloyat va shahar prokuraturasi, “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati Samarqand shahar bo‘limi, O‘zLiDep, Samarqand shahar xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi vakillari, mahalla faollari, shahrimizdagi umumta'lim maktablarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbir avvalida Birinchi Prezidentimiz I.A. Karimovning porloq xotirasi yodga olindi, hayoti va faoliyatiga oid videolavha namoyish etildi. Tadbirga tashrif etgan filologiya fanlari doktori,  Samarqand davlat universiteti professori Dilorom Salohiy “Islom Karimov asarlarining bugungi kundagi ma'rifiy qiymati va ahamiyati” mavzusida, viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o‘qituvchisi Shahriyor Xolboyev “Ta'lim tizimidagi islohotlar va ularning samaradorligini oshirish omillari” mavzusida ma'ruzalar qilishdi. Shuningdek, maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy hamda o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari maktab tarixi, unda faoliyat yuritgan maktab direktorlari, o‘qituvchilar, maktabni muvaffaqiyatli bitirib, turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatgan sobiq o‘quvchilar haqida ko‘rgazmali chiqishlar qilishdi, slaydlar  namoyish etildi.

– Bizga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovdan ozod va obod Vatan, oddiylik, kamtarlik, fidoyilik, ona Vatanimizga cheksiz mehr-muhabbat tuyg‘usi meros bo‘lib qoldi, – deydi maktab direktori Sayyora Melikova. – Biz, pedagoglar aziz Yurtboshimizning mamlakatimiz mustaqilligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, fidoyiligi va o‘lmas g‘oyalari haqida o‘quvchi-yoshlarga takror va takror, batafsil tushunchalar berib, ularni Birinchi Prezidentimiz orzu qilgandek chuqur bilimli, yuksak ma'naviyatli, butun dunyoni lol qoldiradigan  avlod bo‘lib kamol topishi yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz. Bu aziz Vatan bundan-da taraqqiy etishi, uning ravnaqi yo‘lida butun xalqimiz yanada jipslashishi, shubhasiz. Xalqimizning ardoqli farzandi xotirasi avlodlar qalbida mangu yashaydi

Maktab o‘quvchilari tomonidan o‘qilgan she'rlarda, kuylangan qo‘shiqlarda ona Vatan, tinchlik va do‘stlik tarannum etildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nigora Rabbimova ishtirok etdi.


Kiritilgan vaqti: 01/02/2017 08:01;   Ko‘rilganligi: 109
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/mustaqillik-memori
Chop etilgan vaqti: 15/07/2019 21:39
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing