Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

NAVOIY VORISLARI

Joriy yil 23 noyabr kuni Samarqand shahridagi 22-son Bolalar musiqa va san'at maktabida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan “Navoiy vorislari” Respublika ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyat bosqichi o‘tkazildi. Tadbirda O‘zMTDP Samarqand viloyat Kengashi rahbariyati, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, Samarqand shahar 22-son Bolalar musiqa va san'at maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari, O‘zMTDP Samarqand viloyat Kengashi “Yoshlar qanoti” faollari hamda iqtidorli o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishdi. Xalqimiz o‘zining aql-zakovati va yuksak salohiyati bilan dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ farzandlari bilan haqli ravishda faxrlanadi, g‘ururlanadi. Biroq buning o‘zi yetarli emas. Chunki biz ular bilan nafaqat g‘ururlanishimiz balki ularga munosib davomchi, voris bo‘lmog‘imiz kerak. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganish, kitob mutoalasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ustoz-shogird an'anasini rivojlantirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Navoiy vorislari” Respublika ko‘rik tanlovi daho shoirimizning munosib vorislarini izlab topish hamda ularni rag‘batlantirishga xizmat qilayotgani bilan beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Yuksak saviyada tashkil etilgan mazkur tanlovning Samarqand viloyat bosqichida taniqli adabiyot ixlosmandlari, Navoiy ijodini zo‘r qiziqish bilan o‘rganayotgan kitobxon yoshlar va tanlovning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar ishtirokchi o‘quvchilar o‘zaro bellashdilar. Tanlovning ochilish marosimida so‘z olganlar Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati, bebaho asarlari, boy ma'naviy merosining bugungi kundagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar. Navoiy ijodida ilgari surilgan ezgu-g‘oyalar, asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shundan so‘ng tanlov ishtirokchilari 4 ta shart bo‘yicha bahslarga kirishib, bilim va iqtidorlarini sinovdan o‘tkazdilar. Eng ko‘p g‘azal yod olish, g‘azalni bexato va ifodali o‘qish, g‘azal matnining nasriy bayoni (yozma sharhi)ni yarata olish, g‘azal matnidagi tushunish qiyin bo‘lgan so‘zlarni izohlab bera olish kabi shartlar bo‘yicha bellashgan o‘quvchi-yoshlarning chiqishlarini navoiyshunos olimlardan iborat hakamlar hay'ati a'zolari xolisona va adolatli baholab borishdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, barcha shartlarni a'lo darajada bajargan Nurobod tumanidagi 1-umumta'lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Durdona Isarova 1-o‘ringa, Payariq tumanidagi 79-umumta'lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Sevinch Sa'dullayeva 2-o‘ringa, Samarqand shahridagi 39-umumta'lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Mehrangiz Abrueva hamda Ishtixon tumanidagi 1-IDUM 9-sinf o‘quvchisi Zulfina Rashidova 3-o‘ringa loyiq topildi. Tanlovda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Sarvar Otamuratov qatnashchilarni tanlovdagi faol ishtiroki bilan qizg‘in tabriklab, ularning ustozlariga o‘z minnatdorligini bildirdi. Partiya rahbari g‘olib va sovrindorlarga diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi.

Kiritilgan vaqti: 30/11/2018 09:37;   Ko‘rilganligi: 119
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/navoiy-vorislari
Chop etilgan vaqti: 21/07/2019 07:50
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing