Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Ulug‘ allomaga ehtirom

So‘z mulkining sultoni Nizomiddin mir Alisher Navoiy butun umrini ijodiy mehnatga bag‘ishladi, xalqi uchun “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Xazoyin ul-maoniy”dek, “Xamsa”dek buyuk asarlar yaratdi. Uning bu xizmatlari  – ezgulik, ma'lum ma'noda abadiylik xususiyatiga ega. Chunki, Navoiy asarlari insonlarga yuzlab yillar mobaynida zavq-shavq ulashib, ularni komillikka chorlab kelmoqda.

Shoir tavallud topgan sana munosabati bilan  Samarqand shahridagi  A.Navoiy nomi bilan ataluvchi madaniyat va istirohat bog‘iga yig‘ilgan viloyat jamoatchiligi vakillari, olimlar, shoir va yozuvchilar, ta'lim muassasalarining o‘quvchi-talabalari ulug‘ mutafakkir bobomiz qoldirgan ana shunday adabiy meros, ezguliklarni yana bir bor e'tirof etdilar.

Viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririya­ti bosh muharriri F.Toshev, Samarqand davlat universiteti professori I.Mirzayev, shoira X.Bobomurodova Alisher Navoiyning milliy adabiyotimiz, xalqimiz ma'naviya­ti, ma'rifati, tilshunoslik ravnaqiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida so‘z yuritdilar.

Navoiy ijodining yoshlarga ibrat bo‘ladigan jihati shundaki, u o‘z davrida turkiy tilning imkoniyatlari naqadar kengligini ijodi bilan isbotlab bergan.  Bundan tashqari, uning devonlari, dostonlarida yoshlarga pand-nasihatlar qilinadi. “Xazoyin ul-maoniy” va “Devoni Foniy”, “Nazm ul-javohir”, “Mahbub ul-qulub” kabi asarlarida insonparvarlik g‘oyalarni hayratlanarli, badiiy san'atkorlik mahorati bilan, go‘zal timsollarda ifoda qilgan. Bu esa kelajak avlodlarning Vatanga sodiq, barkamol inson sifatida voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.

Tadbirda talabalar hamda ijodkor yoshlar shoir ijodidan namunalar o‘qishdi. Samar­qand shahridagi korxona va tashkilotlar, muassasalar vakillari shoir haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari A.Umarov ishtirok etdi.


Kiritilgan vaqti: 09/02/2018 14:55;   Ko‘rilganligi: 103
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/ulug-allomaga-ehtirom
Chop etilgan vaqti: 15/07/2019 21:25
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing