Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

“VATANIM MADHIYASI — FAXRIM, G‘URURIM”

Ona Vatanimiz ramzlarining barchasi muqaddas, ularni yuksak qadrlaymiz. Ammo ular orasida shu aziz tuproq, go‘zal O‘zbekiston, jonajon o‘lkamizga bo‘lgan mehr-muhabbatimizni yanada oshiruvchi ramzlardan biri, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining madhiyasidir.

Mana, 27 yildirki, buyuk shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov, bastakor Mutal Burhonovning ijod mahsuli bo‘lgan madhiyamiz allaqachon qalblardan chuqur joy egallab, xalqimizning e'zoz va ehtiromiga sazovor bo‘lib kelmoqda. U erta tongdan televideniye yoki radio orqali qulog‘imizga chalinarkan vujudimiz g‘uborlardan poklanib, tomirimizda oqayotgan qon yanada jo‘shgandek bo‘ladi. Jannatmonand yurtimizning go‘zal jamoli, bebaho ne'matlarga boy muqaddas zaminimiz, ajdodlardan meros moddiy va ma'naviy boyliklar, zahmatkash, fidoyi, bir-biriga ahil bo‘lgan ko‘pmillatli xalqimiz ko‘z o‘ngimizdan o‘taveradi. Shijoatimiz ortadi, qalbimizda yurtimizga bo‘lgan sadoqat jo‘sh uradi. Shu buyuk davlat ravnaqi, porloq kelajagi uchun o‘z hissamizni qo‘shish uchun ildam harakat qilamiz...
Ha, bu birgina madhiyamizning ko‘zga ko‘rinmas “kuchi”, yoshiyu jinsi, irqi, millati va dinidan qat'i nazar, barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlovchi sehridir.
10 dekabr. Samarqandning bosh maydoni — Ko‘ksaroy maydonida davlat idoralari, korxona-tashkilotlar vakillari, maktabgacha ta'lim, umumta'lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlarining talaba va o‘quvchi-yoshlari, ziyolilar jam bo‘ldi. Dillarni titratguvchi O‘zbekiston Respublikasi madhisining musiqa sadosi yangradi. Serquyosh hur o‘lkam... Yurakda hayajon, jo‘shqin ovoz bilan barcha birdek jo‘r bo‘ldi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar uning yaratilish tarixi, xalqimizni yagona maqsad, ezgu tashabbuslar ostida birlashtiruvchi mo‘jiza ekanligini e'tirof etishdi.
Sana bilan bog‘liq tadbirlar ta'lim muassasalariga ko‘chdi. Umumiy o‘rta ta'lim maktablaridagi dars mashg‘ulotlari madhiyani kuylash bilan boshlandi. “Vatanim madhiyasi — faxrim, g‘ururim” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi. O‘quvchilar davlat ramzlari, xususan, madhiyani madh etuvchi she'rlar aytishdi. Turli badiiy chiqishlar, raqslar ijro etildi.
Samarqand viloyati xalq ta'limi
boshqarmasi axborot xizmati.


Oxirgi o‘zgarish: 12/12/2019 06:58;   Ko‘rilganligi: 199
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/vatanim-madhiyasi-faxrim-gururim
Chop etilgan vaqti: 30/03/2020 03:50
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing