Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Xayr maktab – salom kollej!

Har bir yurtning buguni va kelajagi tom ma'noda, mamlakat ta'lim tizimining qay darajada  rivoj topgani bilan  belgilanadi. Zero, Vatan taraqqiyoti, millat istiqboli shu zaminda voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlar kamoli bilan chambarchas bog‘liq. Aslida, yurtimizda ta'lim tizimi islohotiga ustuvor vazifa sifatida qaralishining zamirida ham ayni farzandlarimizning kelajak taqdirini o‘ylash orqali Vatanimizning ertangi taraqqiyotini ko‘rish g‘oyasi mujassamdir.

2017 yil 25 may kuni ertalab soat 10:00 dan 10:35 ga qadar o‘quvchi-yoshlarga mustaqil hayotga yo‘llanma berish hamda o‘quv yilining yakuniga bag‘ishlangan “Xayr maktab – salom kollej!” tadbirlari respublikamizdagi barcha umumiy o‘rta ta'lim maktablarida bo‘lgani kabi viloyatimizda ham tantanali ravishda tashkil etildi. O‘quv yili davomida o‘tkazilgan qator tadbirlar ichida mazkur tadbir nafaqat o‘quvchilar balki o‘qituvchilar, ota-onalar uchun ham esda qolarli, hayajonli damlar hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev o‘z ma'ruzalarida “Yosh avlodni salohiyatli kadrlar etib tarbiyalashdagi birinchi bosqich – maktab ta'limini tubdan takomillashtirish, ilmiy kadrlar va malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonining uzluksizligini ta'minlash zarur. Bu yo‘lda hech narsani ayamaymiz”, deya ta'kidlaganlar. Zero, bu so‘zlarning zamirida yosh avlod va ularning baxtli kelajagi yotadi. O‘quvchi-yoshlar zimmasiga ham o‘z o‘rnida mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topish, yurtimiz kelajagi uchun o‘z hissasini qo‘shish kabi mas'uliyat yuklanadi.

Tadbirlarga “Kamolot” YOIH, “Kamalak” tashkiloti, ota-onalar qo‘mitasi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari  vakillari, tuman (shahar) xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi, mahalliy hokimliklar vakillari hamda mahalla faollari, maktabni tugatib ketgan sobiq o‘quvchilar, maktab homiylari taklif etildi.

Maktab pedagog xodimlari, sinf rahbarlari o‘z nutqlarida 9-sinf bitiruvchilari, ayniqsa, bitiruvchi qizlarning ta'limning keyingi bosqichiga qamrab olinishiga hukumatimiz tomonidan alohida e'tibor qaratilayotgani, bunyodkorlik ishlari, ular o‘zi tanlagan kasb-hunarlar bo‘yicha akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida chuqur bilim olib, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimida jonajon maktabi sha'nini ko‘tarish va ustozlari o‘gitini hayotga tatbiq etish kabi ezgu niyatlarni amalga oshirishi lozimligi ta'kidlandi.

O‘quvchilarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishidan biri – mamlakatimizda ijtisodiy sohani rivojlantirishga qaratilganligi, mazkur yo‘nalish ta'lim va fan sohasini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish kabi muhim vazifalarni o‘z ichiga olganligi, uzluksiz ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta'lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozoriga zamonaviy ehtiyojga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlash kabi keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutilganligi to‘g‘risida ma'lumot berildi. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, o‘zaro hurmat, mehr oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarimizning ongi va qalbini bizga mutlaqo yot bo‘lgan zararli oqim va ta'sirlardan, “ommaviy madaniyat” hurujlaridan saqlash, oilalarda, mahallalarda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o‘zi barchamizdan talab etayotganligi haqida ta'kidlab o‘tildi. Sinf rahbarlari bitiruvchilarni ta'limning keyingi bosqichida ham doimo qo‘llab-quvvatlashi, kasb-hunar ta'limi muassasalari pedagog xodimlari bilan hamkorlikda ish olib borishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

2016-2017 o‘quv yilida viloyatimizdagi 1218 ta umumta'lim maktablarini 55321 nafar 9-sinf o‘quvchilari bitirishmoqda. Shundan, akademik litseylarda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilar 3888 nafarni, kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lgan o‘quvchilar esa 51 ming 433 nafarni tashkil etdi. A'lo o‘qishi, namunali xulqi, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki bilan tengdoshlariga namuna bo‘lgan o‘quvchilarga faxriy yorliq va badiiy kitoblar jamlanmasidan iborat esdalik sovg‘alari topshirildi.


Kiritilgan vaqti: 26/05/2017 15:50;   Ko‘rilganligi: 226
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/events/xayr-maktab-salom-kollej
Chop etilgan vaqti: 16/10/2019 07:58
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing