Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Afro‘za — jahon chempioni

2017 yil  21 aprel — 1 may kunlari Ruminiyaning Yassi shahrida   shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati o‘tkazildi. Iqtidorli yosh shaxmatchilardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi  tarkibida Samarqand shahridagi 42-umumta'lim maktabi o‘quvchisi Afro‘za Hamdamova WSM  yo‘nalishida 1449 reytingi  bilan ishtirok etdi.

Standart va blits yo‘nalishlarida o‘ynaladigan ushbu musobaqada yosh shaxmatchi Afro‘za Hamdamova shaxmatning tezkor o‘ynaladigan turi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, oltin medal va chempionatning birinchi darajali diplomi bilan taqdirlandi.

U 2014 yilda 8 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqasida ilk bor qatnashayotgan bo‘lishiga qaramasdan viloyatda faxrli ikkinchi o‘rinni egallagandi. Oradan bir yil o‘tib, aynan shu musobaqada birinchi o‘rinni zabt etdi va birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Shu yili 10 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi viloyat birinchiligida uchinchi darajali, 12 yoshgacha bo‘lgan yosh shaxmatchilar o‘rtasidagi viloyat musobaqasida esa faxrli birinchi o‘rinni egallab, birinchi darajali diplom bilan mukofotlandi.

2016 yilda Afro‘za O‘zbekiston chempionatida qatnashib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasini zabt etdi va chempionatning birinchi darajali diplomi bilan taqdirlandi.  Shu bois u shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga qabul qilindi. 2016 yilning 9-18 iyul kunlari Eron davlatining poytaxti Tehron shahrida  maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan XII Osiyo chempionatida ilk bor terma jamoa tarkibida shaxmatning tezkor o‘ynaladigan turi bo‘yicha ishtirok etib, birinchi o‘ringa munosib topildi. Ushbu musobaqadan ko‘ksiga oltin medal taqib, Osiyo chempioni degan nomga sazovor bo‘lib qaytdi.  Shundan so‘ng ham Toshkent shahrida o‘tkazilgan bir qator nufuzli musobaqalarda shohsupaning yuqori pog‘onalarini egallab, O‘zbekiston chempionligini saqlab qoldi.

Shu bilan birga 2016 yilda Gruziya davlatining Botumi shahrida o‘tkazilgan Jahon shaxmat chempionatida sakkiz yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, shu yilning oxirida Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida o‘tkazilgan yosh shaxmatchilar Jahon chempionatida birinchi o‘rinni egalladi.


Kiritilgan vaqti: 05/06/2017 15:53;   Ko‘rilganligi: 146
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/afroza-jahon-chempioni
Chop etilgan vaqti: 19/08/2019 07:16
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing