Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

AMALIYOTCHI-PSIXOLOGLAR MALAKASI OSHIRILMOQDA

Samarqand shahridagi Konsert zalida umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida kuzatilayotgan o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish, ushbu yo‘nalishda maktab amaliyotchi-psixologlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi.

Samarqand viloyat prokuraturasi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda "Nova" psixologik markazi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur o‘quv-seminarda Samarqand shahar, Urgut, Toyloq va Samarqand tumanlaridagi umumta'lim maktablarining 600 nafardan ortiq amaliyotchi-psixologlari ishtirok etdi. O‘quv-seminarda so‘zga chiqqan viloyat prokurori yordamchisi Xurshid Musurmonov, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi sho‘ba mudiri Xurshid G‘oziyev, sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimi, suitsidolog Umida Shukrulloyeva va boshqalar viloyatda voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta'kidlashdi. Shu bois umumta'lim maktablarida faoliyat olib borayotgan amaliyotchi-psixologlar faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish, ularning malaka va tajribasini oshirish muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etishdi. —Masalaning dolzarbligidan kelib chiqib, joriy yil boshidan viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida suitsid holatlarining barvaqt oldini olish bo‘yicha 2020 yil davomida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi, — deydi viloyat prokurori yordamchisi Xurshid Musurmonov. — Bunda, birinchi navbatda, eng katta mas'uliyat umumta'lim maktablarida faoliyat olib borayotgan amaliyotchi-psixologlar zimmasiga yuklanadi. Shu bois bugun biz chora-tadbirlarimizni hayotga tatbiq etish avvalida ularning bilimini oshirishga e'tibor qaratib, o‘qitish bo‘yicha malakali mutaxassislarni jalb qilyapmiz. Tadbirda Jomboy tumanidagi “Ibrohim ota” jome masjidining imom-xatibi Anvar Ahmedov so‘zga chiqib, oilada, ta'lim muassasasida farzandlarga, avvalo, poklik, hallollikni o‘rgatish, qalbida ota-ona va yaqinlarga, Vatanga mehrni uyg‘otish, shakllantirish muhim ahamiyatga ega ekanligini uqtirdi. Har bir bola mehr va e'tibor og‘ushida bo‘lishi, vaqtida ta'lim olib, vaqtida ota-onasi bag‘rida bo‘lishi, nazorat qilinishi u bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar ro‘y bermasligining kafolati ekanligini ta'kidladi. O‘quv-seminarda o‘quvchilar o‘rtasida turli test sinovlarini tashkil etish, ularni qiynayotgan muammolarni erta aniqlab, ota-onalar, tibbiyot xodimlari, malakali psixologlar bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. O‘qilgan ma'ruzalar, berilgan tavsiyalar asosida amaliyotchi-psixologlarning bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Barcha amaliyotchi-psixologlarga o‘quvchilardagi ruhiy va ijtimoiy muammolarni oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha maxsus qo‘llanma tarqatildi.

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 10/02/2020 14:13;   Ko‘rilganligi: 68
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/amaliyotchi-psixologlar-malakasi-oshirilmoqda
Chop etilgan vaqti: 30/03/2020 02:26
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing