Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Barcha maktablarda “Kitob haftaligi” o‘tkazilmoqda

Yurtimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk kamol topishi hamda intellektual salohiyatli bo‘lib voyaga yetishiga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘quvchilar o‘rtasida milliy va jahon adabiyotlarini tizimli targ‘ib etish orqali ular qalbida vatanparvarlik, ezgulik, insonparvarlik singari yuksak insoniy tuyg‘ularni shakllantirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, umumta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida badiiy adabiyotni mutolaa qilish hamda ularning kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida joriy yilning fevral-may oylarida axborot-resurs markazi, sinf rahbarlari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, kutubxonachilar va yoshlar yetakchilari ishtirokida “Kitob haftaligi”ni o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqildi.

Mazkur rejaga asosan,  “Kitob haftaligi” tadbirlarini ona tili va adabiyot darslarida, tarbiyaviy soatlar jarayonida hamda o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtida yuqori saviyada tashkil etilishi belgilangan.

 “Kitob haftaligi” doirasida o‘zbek milliy hamda jahon adabiyoti namoyandalarining sara asarlari mutolaa qilinishi qayd etilgan. O‘quvchilar dunyoqarashini rivojlantiruvchi asarlar sirasiga she'r, hikoya va qissa, shuningdek, qiziqarli ertaklar ham kiritilgan. Ushbu badiiy adabiyotlar o‘g‘il-qizlarning yoshiga mos tarzda tanlangan. Asarlar jadvalga binoan har haftada,  belgilangan adabiyot yo‘nalishida sinflar kesimi bo‘yicha mutolaa qilinadi. Barcha sa'y-harakatlar pedagoglarning faolligini oshirishga va haftalikni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, “Kitob haftaligi” joriy yilning 4 fevralidan boshlangan bo‘lib,  25 mayga qadar davom etadi.


Oxirgi o‘zgarish: 19/02/2019 08:14;   Ko‘rilganligi: 139
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/barcha-maktablarda-kitob-haftaligi-otkazilmoqda
Chop etilgan vaqti: 19/08/2019 03:02
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing