Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Baxshilarga beshik qo‘rg‘on

Muzeylar xalq tarixi va madaniyatini o‘zida aks ettiruvchi ko‘zgu bo‘lsa, xalq og‘zaki ijodi millatning orzu-armonlari, an'ana va qadriyatlarini ajdodlardan avlodlarga olib o‘tuvchi mustahkam ma'naviy ko‘prik sanaladi.

Qo‘shrabot tumanidagi 42-umumta'lim maktabining “Dilmunchoq” yosh qalamkashlar to‘garagi tashabbusi bilan “Oktyabr — ona tili va adabiyot fan oyligi” doirasida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li nomli Xalq tarixiy muzeyiga sayohat tashkil etildi.

Tadbirda muzey va ARM xodimlari, qo‘shrabotlik shoira M.Ostonova hamda 6, 42, 56-umumta'lim maktablarining ijodkor o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Dastlab taniqli baxshi nomi yod etilib, haykali poyiga gulchambar qo‘yildi. So‘ngra muzeydan joy olgan noyob eksponatlar bilan tanishtirildi. Ayniqsa, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining do‘mbirasi, shuningdek, xalqimizning qadimiy mehnat qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechak va amaliy san'at namunalari o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otdi.

— Muzeyimiz 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ochilish marosimida davlat arbobi Sharof Rashidov ishtirok etgan edi. Muzeyning tashkil etilishida boshlan­g‘ich ta'lim o‘qituvchisi O.Sindorovning xizmati katta. Uning bevosita tashabbusi bilan turli eksponatlar Qo‘shrabot va Nurota tumanlaridan yig‘ib keltirildi, — deydi muzey direktori Ahmad Sindorov.

Shundan so‘ng, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li haykali oldida mushoira uyushtirildi. “Dilmunchoq” yosh qalamkashlar to‘garagi a'zolari, 6, 56-umumta'lim maktablarining o‘quvchilari Vatan, ona, ustoz va yoshlik tarannum etilgan she'r­lardan o‘qishdi. Shoira M.Ostonova o‘qigan she'rlar hamda 42-umumta'lim maktabining “Dilnavo” musiqa to‘garagi a'zosi G.Abdualimovaning Ergash Jumanbulbul o‘g‘li kuylagan “Kuntug‘mish” dostonidan parcha ijro etgani mushoiraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbir davomida “Samarqand adiblari” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.


Kiritilgan vaqti: 20/10/2017 09:44;   Ko‘rilganligi: 19
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/baxshilarga-beshik-qorgon
Chop etilgan vaqti: 21/04/2019 01:57
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing