Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

BUNYODKORLIK — TA'LIM SIFATINI OSHIRMOQDA

Joriy yil Narpay tumanidagi 6 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida investitsiya hamda “Obod qishloq” davlat dasturi asosida mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

Olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida maktablarda ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga, pedagoglar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilishiga hamda o‘quvchi yoshlarning puxta bilim olib, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qildi.

—Bugun 1050 o‘rinli maktabimizda 1117 nafar o‘quvchi ta'lim-tarbiya olib kelmoqda, — Narpay tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi Marxabo Jabborova. — Avval sinfxonalar yetishmas, fizika, kimyo va biologiya dars mashg‘ulotlarini moslashtirilmagan sinfxonalarda o‘tkazishga majbur bo‘lardik. Mukammal ta'mirlash ishlaridan so‘ng, o‘quvchilarni kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitish uchun 5 ta ingliz tili, 3 ta rus tili sinfxonalari, shuningdek, fizika, kimyo va biologiya fanlarini o‘qitishga mo‘ljallangan, barcha zarur asbob-uskunalari bilan jihozlangan o‘quv laboratoriyalari foydalanishga topshirildi. Bu, o‘z navbatida, maktabimizda ta'lim mazmun-mohiyatini yanada oshirish, o‘quvchilarimizning mukammal bilim olishiga imkoniyat yaratdi.

—Har yili yog‘ingarchilik mavsumi yaqinlashaversa jamoamiz bilan tashvishga tusha boshlardik, — deydi 27-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori Malohat Suyarqulova. — Negaki, ta'lim muassasamizning deraza va eshik romlari ancha eskirganligi, eng achinarlisi, sport zalimizning ustki qoplamasining o‘tgan yillar davomida asosiy qismi ko‘chib tushganligi bois chakki o‘tishidan muammolarga duch kelardik. Amalga oshirilgan mukammal ta'mirlash ishlari natijasida 9x18 maydonga ega sport zalimiz tom qismi to‘liq ta'mirlanib, pol qismi yangilandi. Eski deraza va eshik romlari yangi va zamonaviylariga almashtirildi. Avval pol qismining qoplamalari ko‘chib, chang ko‘tariladigan 14 ta sinfxonalarning poli yangilandi.

Ana shunday bunyodkorlik ishlari 61-umumiy o‘rta ta'lim maktabida ham amalga oshirildi. Maktabning issiqlik tizimi tubdan yangilandi, hovlisi temir panjaralar bilan o‘raldi, eshik-derazalari yangilandi. Bundan tashqari, o‘quv binolarining fasadi to‘liq ta'mirlanib, zamonaviy yoritish moslamalari o‘rnatildi.

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 20/12/2019 13:28;   Ko‘rilganligi: 131
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/bunyodkorlik-talim-sifatini-oshirmoqda
Chop etilgan vaqti: 30/03/2020 04:35
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing