Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

BUYUK YO‘LBOSHCHIMIZGA EHTIROM

30 yanvar buyuk olimu allomalar ulg‘aygan, ularga beshik bo‘lgan Samarqand zaminida xalq farzandi, Buyuk Yo‘lboshchimiz, mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavallud topgan kun.

O‘tgan bir necha yil oralig‘ida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Muqaddas maskan, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov abadiy qo‘nim topgan Hazrati Xizr masjidi, uning atrofi mutlaqo yangi qiyofa kasb etdi. Buyuk ajdodimiz qabri ustida muhtasham maqbara qad rostladi. Samarqandga tashrif buyurgan mehmonlarning qadami uzilmay kelgan O‘rta Osiyodagi ilk masjidlardan biri bo‘lgan Hazrati Xizr masjidining ham qiyofasi o‘zgardi. Atrofida xiyobonlar barpo etildi. Ushbu qutlug‘ qadamjodan to‘rt fasl, yil o‘n ikki oy ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Birinchi Prezidentimizga bo‘lgan cheksiz ehtirom sifatida uning qabrini ziyorat qilib, haqiga duo qilishadi. Hatto xorijdan tashrif buyurgan sayyohlar ham Samarqandga kelganda, avvalo, buyuk xalq farzandining mangu qo‘nim topgan maskanini tavof etmasdan ketmaydi. Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Samarqandda uning haykali qad ko‘tardi. Toshkent shahri, Qashqadaryoda ham unga xuddi shunday ehtirom ko‘rsatildi. Islom Karimov nomiga muzey, aeroport, ko‘cha va boshqa obyektlar ataldi. Har yili 30 yanvar sanasida Mustaqilligimiz Asoschisi xotirlanib, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari, ziyolilar hamda yoshlar uning haykallari poyiga gul qo‘yadi, alohida ehtirom bilan qabri ziyorat qilinadi. Islom Karimov dono yo‘lboshchi, oqil siyosatdon, buyuk davlat arbobi, haqiqiy xalqparvar inson sifatida boqiy qalblardan joy olgan. Unga ehtirom ona Vatanimizga, mustaqilligimizga ehtirom namunasidir. Abduhoshim ZIYODOV

Oxirgi o‘zgarish: 30/01/2020 15:53;   Ko‘rilganligi: 85
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/buyuk-yolboshchimizga-ehtirom
Chop etilgan vaqti: 08/04/2020 18:22
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing