Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Eng yaxshi maktablar reytingini aniqlash masalasi muhokama etildi

Xalq ta'limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2018 yilning 29 dekabrida imzolangan “Umumta'lim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 30 yanvar kuni Xalq ta'limi vazirligi binosida videoselektor yig‘ilishi tashkil etildi. “Umumta'lim muassasalari reytingini aniqlashni samarali tashkil etish hamda PISA xalqaro tadqiqotlarida O‘zbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish” mavzusida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishining Respublika studiyasida Xalq ta'limi vazirligi hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbariyati boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi. Yig‘ilishni viloyat studiyalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta'limi boshqarma boshliqlari, tuman (shahar xalq ta'limi bo‘limi mudirlari), ta'lim sifati monitoringi xizmati xodimlari, xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishga mas'ul bo‘lgan xodimlar hamda mazkur tadqiqotlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan tayanch maktablarining rahbarlari kuzatdi. Alohida ta'kidlash joizki, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ta'lim sifat va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, videoselektor yig‘ilishida joriy yilda ilk bora o‘tkazilayotgan umumta'lim muassasalarining reytingini aniqlashga oid ma'lumotlar bazasini shakllantirish, nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovnomalarni o‘tkazish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, xalqaro tadqiqotlarni samarali tashkil etish bo‘yicha taklif va mulohazalar tinglandi. Reytingni aniqlashga oid ma'lumotlar bazasini shakllantirish jarayonida ishchi guruhlar tomonidan har yili mart va may oylarida umumta'lim muassasalari 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasini aniqlash maqsadida yozma ish yoki test sinovlaridan iborat nazorat ishlari o‘tkazilishi qayd etildi. Jumladan, 9-sinf o‘quvchilari ona tilidan diktant, matematikadan bitta masala va to‘rtta misol yechishi belgilandi. Videoselektor doirasida o‘quvchilarning ta'limiy yutuqlarini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi dunyoning barcha davlatlaridagi o‘quvchilarning savodxonligini baholash va ushbu bilimlarini amaliyotda qo‘llashni bilish darajasini baholovchi test ekanligi alohida ta'kidlandi. Bu testlar 3 yilda bir marotaba o‘tkazilib, unda 15 yoshli o‘smirlar qatnashadi. Hozirgi kunda milliy tizimni rivojlantirish hamda innovatsion potensialini takomillashtirish mamlakatning iqtisodiy o‘sishning eng muhim omillari hisoblanmoqda. Mazkur omillarni tadqiq etish muammolari dunyoning ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar uchun dolzarbdir. Shu boisdan ham innovatsion rivojlanishning darajasini tezkor va ishonchli tahlil qilishga mo‘ljallangan baholash tizimi mavjudligi katta ahamiyatga ega.Bunday baholash tizimlari sifatida obro‘li xalqaro tashkilotlari tomonidan yaratilgan xalqaro reyting tizimlari qo‘llanilmoqda. Ahamiyatlisi, endilikda umumta'lim muassasalari reytingini aniqlashni samarali tashkil etishda hamda PISA xalqaro tadqiqotlari yurtimiz ta'lim muassasalarida ham qo‘llaniladi. Videoselektorda PISA xalqaro tadqiqotlari mamlakatimizda 2021 yildan boshlab tatbiq etilishi aytilib o‘tdi va ushbu jarayonga xalq ta'limi tizimi va boshqa tegishli tashkilotlar puxta tayyorgarlik qo‘rishlari kerakligi ta'kidlandi va tegishli topshiriqlar berildi.

Kiritilgan vaqti: 31/01/2019 07:49;   Ko‘rilganligi: 105
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/eng-yaxshi-maktablar-reytingini-aniqlash-masalasi-muhokama-etildi
Chop etilgan vaqti: 21/07/2019 07:53
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing