Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

HAR BIR BOLA MEHR VA E'TIBOR OG‘USHIDA

1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Samarqand shahridagi A. Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida viloyat xalq ta'limi, maktabgacha ta'lim, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifaqi viloyat kengashining “Har bir bolaga mehr, e'tibor!” shiori ostida bayram tadbirlari tashkil etildi. Tadbir o‘tadigan hudud bayramga mos ravishda bezatilib, 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan turli xil shior (banner)lar ilingan. Ko‘chaning ikki tomonidagi chinor daraxtlari 2 metr balandlikda milliy matolar bilan o‘ralib, hudud turli shakldagi rangli (gulli) lentalar, sharlar bilan bezatilgan. Bayram tadbirida viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura, voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya a'zolari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishib, bolajonlarni 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan tabriklashdi. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Karimov bolajonlarga o‘zining samimiy tilaklarini bildirib, ularning yurt kelajagi, Vatan ravnaqi, buyuk ajdodlarga munosib avlodlar bo‘lib kamol topishlari uchun mustaqil yurtimizda muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev rahbarligida barcha shart-sharoitlar yaratib berilganligini ta'kidlab, kelgusidagi o‘qishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Bayram tadbirida bolalarning badiiy va amaliy ijod namunalari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Konsert dasturida Ona Vatan, baxtli bolalik, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar yangradi, raqslar ijro etildi. Ayniqsa, sharlar va gullar bilan o‘ralgan ramziy kirish darvozasi bolajonlarni afsonaviy ertaklar olamiga yetakladi. Ramziy kirish darvozasining ikki tomonida tadbir ishtirokchilarini 20 nafar milliy kiyimdagi doirachi o‘quvchilar kutib olishdi. Bolalar uchun sahnalashtirilgan qo‘g‘irchoq teatrlari namoyish etildi. Bolajonlar sevimli ertak qahramonlari bilan maza qilib raqsga tushdilar. Tadbir davomida umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Quvnoq startlar” sport musobaqasi, “Liboslar jilosi” bolalar kiyimi namoyishi, “Qo‘g‘irchoq teatri” namoyishlari tashkil etildi. Viloyat va Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar markazining to‘garak a'zolari tomonidan qo‘lda yasalgan samolyot modellari, suvda suzuvchi paraxodlar, akkumulyatorlar yordamida harakatlanuvchi transport vositalari va boshqa ijodiy ishlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Viloyat va Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar markazining to‘garak a'zolari tomonidan qo‘lda yasalgan samolyot modellari, suvda suzuvchi paroxodlar, akkumulyatorlar yordamida harakatlanuvchi transport vositalari va boshqa ijodiy ishlari ko‘rgazmalari tashkil qilindi. Samarqand shahridagi umumta'lim maktablari o‘quvchilari tomonidan turli millat vakillarining kiyinish madaniyati ko‘rgazmasi tashkil etildi. Maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Bolaligim -podsholigim” bolalar ijodidan ko‘rgazma, shahardagi umumta'lim maktablaridagi sport to‘garaklarining ko‘rgazmasi va ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etildi. “Mening orzuim” mavzusida Samarqand shahridagi umumta'lim maktablarining (5-11-sinf) va “Barkamol avlod” bolalar markazlarining iqtidorli rassom o‘quvchilarining molbert va asfaltga rasm chizish tanlovi o‘tkazildi. Umumta'lim muassasalari va “Barkamol avlod” bolalar markazlari tomonidan ertak qahramonlarining chiqishlari tashkil qilindi. Samarqand shahridagi umumta'lim maktablari, viloyat va shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlaridagi zardo‘zlik, kulolchilik, ganchkorlik va yog‘och o‘ymakorligi to‘garaklari a'zolarining ko‘rgazmasi va amaliy ijodiy ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbir doirasida viloyat madaniyat boshqarmasi bilan birgalikda Samarqand shahridagi Bolalar musiqa va san'at maktablarining ko‘rgazmali chiqishlari tashkil qilindi. Vasiylik va homiylik tayinlangan hamda otasi yoki onasi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan fuqarolar farzandlariga yozgi dam olish oromgohlariga imtiyozli yo‘llanmalar tarqatildi. Tadbir yakunida “Baxtli bolalik” mavzusida gala konsert tashkil etildi. ___________________________________________________________ Ma'lumot o‘rnida: Bugungi kunda viloyat xalq ta'limi tizimida jami 1242 ta ta'lim muassasalari, shundan, 1214 ta umumta'lim maktablari, 9 ta maxsus maktab va maktab-internatlar, 2 ta Mehribonlik uyi, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari, 17 ta axborot-resurs markazlari faoliyat yuritmoqda. Joriy o‘quv yilida umumta'lim maktablaridagi 678624 nafar o‘quvchilarga 49790 nafar pedagoglar ta'lim-tarbiya berishmoqda.

Kiritilgan vaqti: 02/06/2019 06:37;   Ko‘rilganligi: 189
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/har-bir-bola-mehr-va-etibor-ogushida
Chop etilgan vaqti: 12/11/2019 13:08
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing