Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Hay'at yig‘ilishi viloyat xalq ta'limi tizimidagi muammolarga oydinlik kiritib, mas'uliyatni oshirdi

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasining joriy yildagi ilk hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi barcha umumta'lim muassasalari, bo‘limlar hamda boshqarmaning rahbar xodimlari, o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Unda 2019 yilda xalq ta'limi tizimida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuq hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ijro intizomi yo‘nalishidagi masalalar tanqidiy tahlil etildi. 2020 yil boshidan belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilinib, yil davomida amalga oshiriladigan aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish avvalida viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov Xalq ta'limi vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, faoliyati davomida pedagogik jamoasida faolligi va fidoyiligi bilan, barkamol avlodga ta'lim-tarbiya berishda namuna bo‘layotgan, intellektual salohiyatli yoshlarni voyaga yetkazishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan 45 nafar pedagoglarga “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishonini topshirdi. Shuningdek, xalq ta'limi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan va “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” Respublika ko‘rik-tanlovida munosib qatnashgan 10 nafar o‘qituvchi Xalq ta'limi vazirining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni keng hayotga tatbiq etib, ta'lim muassasasi faoliyatida qator yutuqlarga erishib kelayotgan 3 nafar maktab direktorlariga viloyat xalq ta'limi boshqarmasining tashakkurnomasi topshirildi.

Shundan so‘ng, hay'at yig‘ilishining yalpi majlisi boshlandi. Kun tartibiga muvofiq, dastlab, Xalq ta'limi vazirligining “Reyting — 2019” ko‘rsatkichlari asosida viloyatdagi tuman va shaharlarning reytingi tahlil etildi. Unda umumta'lim maktablari bitiruvchilarining o‘tgan o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari, maktablarning reytingi, o‘qituvchilarning malaka toifalari, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” Respublika ko‘rik-tanlovining natijalari, metodistlar faoliyati, o‘quvchilarning fan olimpiadalari va boshqa turli ko‘rik-tanlovlarda ishtiroki, erishgan natijalari, voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar tanqidiy tahlil etilib, har bir raqam, ko‘rsatkichlar muhokama etildi.

Misol uchun, o‘quvchilarning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Samarqand shahridagi maktablarni o‘tgan o‘quv yilida 2003 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, ularning 616 nafari (30,8 foizi) OTMga o‘qishga kirgan bo‘lsa, Urtug tumanining 4098 nafar bitiruvchisidan bor-yo‘g‘i 122 nafari, ya'ni 3 foizi OTMga o‘qishga kirgan. Xuddi shunday Nurobod (3,4 foiz), Payariq (4,4 foiz), Qo‘shrabot (5,5 foiz) tumanlaridagi holat ham nihoyatda qoniqarsiz holatda ekanligi ta'kidlandi. Achinarlisi, Urgut tumanidagi 69 ta, Qo‘shrabot tumanidagi 39 ta, Nurobod tumanidagi 35 ta umumta'lim maktablaridan birorta ham o‘quvchi OTM kirmagan yoki hujjat topshirmagan.

—Ushbu raqamlar tahlili muassasalardagi ta'lim-tarbiya jarayonlarining mutlaqo qoniqarsiz ekanligini ko‘rsatadi, — dedi S.Usmonov. — Bundan umumta'lim muassasalariga rahbarlik qilayotgan direktorlar o‘z vazifasiga noloyiq ekanligini, o‘qituvchilar mas'uliyatni yo‘qotib, tobora bilimsizlashib qolayotganini anglash qiyin emas. O‘quvchining o‘qishga kira olmasligi u yoqda tursin, umuman hujjat topshirmaganini qanday izohlash mumkin?! Respublikada samarqandlik maktab bitiruvchilarining OTMga qamrab olishi eng past ko‘rsatkichda, aniqrog‘i 11-o‘rinda ekanligi sohada mehnat qilayotgan birortamizga halovat bermasligi shart!

Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ish olib borgan tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi mudirlari, umumta'lim maktablarining direktorlarining mas'uliyatsizligi tanqid qilindi. Yig‘ilish davomida xalq ta'limi bo‘limi mudirlari, direktorlar ko‘tarilgan tanqidiy masalalar yuzasidan xulosalarini bildirishdi.

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari Ulug‘bek Mamarasulov, Ozod Jangirov, Elmurod Suyarov, bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov va boshqalar so‘zga chiqib, 2020 yilda viloyat xalq ta'limi tizimi xodimlari oldida turgan vazifalar, mavjud muammolarni bartaraf etish, ta'lim sifati va samaradorligini oshirishda ilg‘or taklif va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish yuzasidan takliflar bildirishdi.

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 26/02/2020 09:20;   Ko‘rilganligi: 42
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/hayat-yigilishi-viloyat-xalq-talimi-tizimidagi-muammolarga-oydinlik-kiritib-masuliyatni-oshirdi
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 08:20
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing