Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Insho – kitobxonlik va savodxonlik asosi (metodik tavsiya)

Kuzatish va tajribalar shuni ko‘rsatyaptiki, uzluksiz ta'lim tizimining barcha bosqichlarida o‘quvchining og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirishga ajratilgan dars soatlari miqdori yetarli bo‘lsa-da, o‘quvchilarning yozma nutqi borasidagi natijalar qoniqarli emas. Buning asosiy sabablaridan biri hozirgacha adabiy ta'limda insholarni tashkil etishning ilmiy-metodik asoslari belgilab olinmagani, o‘qituvchilarning o‘quvchilar inshosini tashkil etishda yetarli darajada bilimga ega emasliklari, tarbiyalanuvchilarning yozma nutqini o‘stirish bilan bog‘liq ishlarning yetarli emasligidir.

Ma'lumki, bolalar asosan 6-7 yoshgacha bilishi lozim bo‘lgan asosiy narsa-hodisalarni bilib bo‘lishadi. Bunga ularning atrof olamni bilishga, o‘zlashtirishga bo‘lgan ehtiyoji sabab bo‘ladi va bu ko‘proq taqlid qilish yo‘li bilan amalga oshadi. Maktabga qadam qo‘yilgach esa bolalar o‘qish va yozish jarayonining o‘zidayoq tabiiy ravishda “bilimlarni o‘zlashtiruvchi shaxs”ga aylanishadi. Ta'lim amaliyotida bu bosqichni oqilona tashkil etib dastlabki sinflardan boshlab o‘qituvchi va o‘quvchi, o‘quvchilarning o‘zaro erkin munosabatlarini yuzaga keltirish, erkin fikr bildirishga imkoniyat yaratish o‘qituvchi yordami va hamkorligida amalga oshiriladi. Buning uchun, avvalo, kichik, qiziqarli matnlarni qayta hikoyalashni talab qilish, asta-sekinlik bilan rasmli bayon, kichik matnlarga asoslangan bayon va o‘quvchilar qiziqishidan kelib chiqadigan kichik matnli insholar rejasi va matnini yaratish ishlarini tashkil etish talab etiladi.

Hozirgi paytda o‘quvchi bilimi va tafakkurini rivojlantirishning turli metodlari, usullari yaratilgan bo‘lsada, inshoning o‘quvchi tafakkuri shakllanishi, uning ruhiy va fikriy kamoloti hamda ma'naviy sog‘lomlashuvidagi bevosita o‘rni chuqur tadqiq etilmagan. Inshoni tashkil etishning ilmiy-nazariy asoslari belgilanmagan, bu borada keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmagan.

O‘zbekistonda ta'limni isloh qilish ishlari tizimning barcha turlarida uning maqsadi, vazifalari bilan birga mazmunini to‘g‘ri va aniq belgilab olishga bog‘liq. Xalqaro aloqalar ko‘lamining kengayib borayotgan bugungi sharoitida jamiyatning barcha sohalarida o‘z fikrini og‘zaki va yozma ravishda erkin hamda savodli bayon qila oladigan yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj va talab ortib boradi. Ayniqsa, kelajak avlodga o‘z fikrini nutqning har ikki turida ham erkin bayon qila olishida muhim bosqich bo‘lgan boshlang‘ich ta'lim sohasida ham, ta'limning o‘rta bosqichida ham, uning o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi bosqichida ham “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” talablariga javob bera oladigan yetuk mutaxassislarni shakllantirish dolzarb masalalardan biridir. Shu ma'noda yozma nutq va mustaqil tafakkurning eng oliy ko‘rinishi bo‘lgan insho hamda uni yozishning tartib-qoidalarini o‘rganish-o‘rgatishga asoslangan bunga yo‘naltirilgan o‘qitishni maqsadli tashkil etish ta'limdagi dolzarb muammolardan biri sanaladi.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida “insho” atamasi shunday izohlanadi: “Insho – (tashkil etish; yaratish, qurish, barpo qilish; ijod, bayon, tahrir) o‘quv yurtlarida ona tili va adabiyotdan yozma ish”.

Insho, umumiy ma'noda, ma'lum bir asar, biror hayotiy hodisa yoki tasviriy san'at namunalari asosida o‘quvchilarning o‘z fikr-mulohazalari, mushohadalarini aks ettiradigan yozma ish turlaridan biri sanalib, adabiy ta'limning umumiy tizimida asosiy ish turlaridan biri hisoblanadi.

Insho tushunchasining mazmuni undagi materialning cheklanganligi, o‘quvchining ana shu cheklanganlik doirasidan chetga chiqmagan holda mavzuning mazmunini ochib berishiga asoslangan yozma ish hisoblanadi. Darhaqiqat, inshoning mavzusi chegaralangan bo‘ladi. Inshoga material sifatida hayotdagi biror hodisa, badiiy asardagi biror epizod, boshqa bir kishining hayotidan lavha, biror joyga, biror tasvirga munosabatni tanlab olish mumkin.

Insho, bu – o‘quvchilarning biror asar, badiiy tasvir yoki qandaydir voqea-hodisa yuzasidan o‘z taassurotlari, tuyg‘ularini mustaqil ravishda, yozma yoki og‘zaki shaklda ifodalashga qaratilgan mustaqil faoliyatidir.

Insho, bu – o‘quvchilarning biror badiiy hodisa yuzasidan o‘z fikrlari, hissiyotlari va mushohadalarini boshqalarga yetkazish maqsadida mustaqil, ijodiy sharhi sanaladi.

Insho, bu – o‘zida qandaydir mazmunni bog‘lanishli matn orqali ifodalovchi aqliy faoliyatining umumiy nomi hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, insho – o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish, tafakkur mustaqilligi va ma'naviy kamolotini ta'minlash yo‘lida  amalga oshiriladigan, alohida shaxsdan o‘z mustaqil fikri, shaxsiy munosabatini talab qiladigan faoliyatning murakkab shakllaridan biridir.

Hamonki, insho o‘quvchilarning mustaqish ish turlaridan biri hisoblanarkan, insho yozish jarayoniga o‘qituvchining rahbarlik qilishi, aralashishi pedagogik jihatidan uncha to‘g‘ri bo‘lmaydi. To‘g‘ri, o‘quvchilarni insho yozishga o‘rgatishning dastlabki bosqichida, masalan, boshlang‘ich sinflarda uning bevosita tashkilotchiligiga ehtiyoj sezilishi mumkin. Lekin o‘quvchilarda insho yozish borasida ma'lum bilim va ko‘nikmalar shakllanib bo‘lganidan keyin bunga ehtiyoj qolmaydi.

Shu o‘rinda adabiyotshunos O. Madayevning “Insho qanday yoziladi” risolasida qiyidagi ma'lumotlarni keltiradi: “Insho nazariyasi haqida ma'lumot berganda “insho” so‘zining ma'nosini sharhlash yaxshi natija beradi. Xususan, klassik adabiyot lug‘atlarida “insho” so‘zi, birinchidan, paydo qilish, yuzaga keltirish; ikkinchidan, ijod, sochma asar; uchinchidan, yozuv, xat, vujudga keltirmoq, yozmoq, bitmoq, ma'nolarini bildirishi aytiladi. Insho yozish ma'lum mavzu yuzasidan mustaqil fikrni yozma tarzda ifodalash ekani tushuntiriladi. Bunday sharhning muhim ahamiyati shundaki, o‘quvchi insho yozish ijod qilish ekanini anglab oladi. Ishning dastlabki bosqichidanoq insho birovning fikrini, darslikdagi ma'lumotni ko‘chirish emas, balki tema haqida mustaqil fikr yuritish mahsuli ekanligiga urg‘u beriladi. Sinf saviyasiga qarab “insho” so‘zining avvalgi ma'nosi hozirgi kunda toraygani qayd etiladi. Avvallari biron shaxs tomonidan yozilgan har bir tekst insho deb tushunilgan. Maktublar, ilmiy asarlar, shaxsiy arxivda saqlanuvchi kundaliklar “insho” termini bilan yuritilgan. Hozirda esa, asosan, o‘zbek tili va adabiyoti yuzasidan ma'lum temaga bag‘ishlangan yozma ishlar mazkur atama bilan yuritiladi. Demak, insho terminining ma'nosi hozirgi paytda toraygan. Bunday ma'lumotlarni o‘qituvchi lozim topsagina o‘quvchilarga aytishi mumkin”, tarzidagi qarashlari qo‘l keladi.

Insho bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan metodist olima N.Sattorova O‘quvchilarning insho yozish malakalarini takomillashtirish (5-sinfda ona tili o‘qitish jarayonida) mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida quyidagi mulohazalarni keltiradi: “Darhaqiqat, insho tom ma'noda o‘quvchining mustaqil bajaradigan ijodiy ishi bo‘lib, u og‘zaki va yozma shakllarda bo‘lishi mumkin. Insho o‘zgalarning fikrini yoki ma'lum bir manbadagi ma'lumotlarni ko‘chirish emas, balki berilgan mavzu yuzasidan mustaqil fikr yuritish mahsuli. Shuning uchun bir mavzuda sinfdagi 25-30 o‘quvchi 25-30 xil fikrlashi va yoritilgan masalaga turli xilda yondashish talab etiladi, masalan, gugurtga o‘quvchilardan biri uy-ro‘zg‘or buyumi sifatida qarasa, ikkinchisi o‘t, alanga manbai, uchinchisi issiqlik manbai, to‘rtinchisi yorug‘lik, beshinchisi muhabbat manbai sifatida qarashi mumkin. Xuddi shu xususiyatlari bilan insho o‘quvchilardan bir qator zaruriy kommunikativ malakalarni talab qiladigan, shaxsning ruhiy fiziologik holatlariga bog‘liq bo‘lgan faoliyatdir”.

Insho ta'lim tizimidagi boshqa ishlarga qaraganda, bolaning o‘zini o‘rab turgan tevarak-atrofga, boshqa kishilarning xatti-harakatlariga va o‘z xulq-atvoriga munosabatini aniqlashda muhim vosita hisoblanadi. O‘quvchi o‘ziga berilgan insho mavzulari ustida izlanadi, ishlaydi, fikrlaydi. Bu mavzular uning shaxs sifatida shakllanishida, ma'nan barkamol bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘quvchilar insho ustida ishlar ekan,  o‘z hayotiy tajribasi, maktab ta'limi, mustaqil kitob o‘qishi davomida to‘plagan “bilimlar ombori”dan berilgan mavzuga mos ma'lumotlarni saralaydi va mavzuga tegishli bo‘lmaganlariga e'tibor qilmay, insho mavzusini ishonch bilan ochishga harakat qiladilar. O‘quvchilar saralab olingan materiallarni mantiqiy izchillikda joylashtirish, insho mazmuniga mos keladigan so‘z va iboralarni tanlash ko‘nikma va malakasiga ega bo‘lib boradilar.

Biroq, bu ko‘nikmalar o‘quvchiga tayyor holda, yaxlit tarzda berilmaydi, ular o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. O‘qituvchi ularni tizimli ta'lim va davomli mashqlar natijasida o‘quvchilar ongida shakllantira boradi.

Bugungi kun ta'lim tizimidagi, xususan, inshoni tashkil etish jarayonidagi muhim kamchiliklardan biri o‘quvchilarning kitobxonlik saviyasining pastligi bilan ham o‘lchanilib qolmoqda. Kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lmagan o‘quvchining nafaqat asar qahramonlari haqida so‘z yurita olishi, balki oddiy insoniy qadriyatlar borasidagi mulohazalari ham asossiz hisoblanadi. Maktab ta'limida adabiyot o‘qitish tizimi qanday yo‘lga qo‘yilganligi haqida pedagogika fanlari doktori Q.Husanboyeva quyidagilarni bayon etadi: “Darsliklardagi didaktik ashyolarning vazifasi o‘quvchini o‘sha eng zo‘r asarni mustaqil ravishda qidirib, topib o‘qiydigan ma'naviyat egasi sifatida shakllantirishdan iboratdir. Afsuski, bugun maktabda adabiyotdan dars berayotgan o‘qituvchilarning hammasi ham buni anglab yetganicha yo‘q”.

Mamlakatimiz rahbarining 2017-yil 12- yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish  chora tadbirlari” to‘g‘risidagi qarori keng jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi va keng ma'naviyat dargohlarining e'tirofiga sazovor bo‘lmoqda. 2017-yil 13-sentabrdagi kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasidagi navbatdagi qarori yuqoridagi fikrimizni asoslovchi muhim omil bo‘ldi.

Mutaxassislar bugungi kun kitob mutolaasi haqida ko‘plab sabablarni sanab berishyaptiki, go‘yo oxiri yo‘qdek. Biroq bugungi chek-chegarasiz, keng-ko‘lamli oxborot oqimi o‘quvchilar diqqatini o‘ziga qaratib qo‘yayotganligi va pala-partish, bitmas-tuganmas ma'lumotlari bilan kitobxonlik saviyasiga putur  etkazayotganligi aniq. Bu degani o‘quvchilarni axborot manbalaridan chalg‘itish kerak degani emas, internet xizmati, qo‘l telefoni imkoniyatlari, telekanallar sonining turli-tumanligi – faol hayot bilan mashg‘ul har qanday shaxsning kundalik turmush tarziga aylanib bormoqda.  O‘z navbatida bularning bari o‘quvchi diqqati va tasavvurini chalg‘tadigan omillar sirasiga ham kiradi. Biz pedagoglarning ayni paytdagi asosiy vazifalarimizdan biri yodimizdan ko‘tarilib ketayotgan kitobxonlik, kitobsevarlik ta'mini, hissini ularga birozgina anglatishimiz kerak, xolos.

Kitob mutolaasi o‘quvchilarga quyidagi to‘rt aspektda ta'sir qiladi:

1.Kitob mutolaasi birinchi navbatda o‘quvchilar tasavvurini shakllantiradi.

Bizning har bir harakatimiz, o‘ylagan o‘yimiz ma'lum bir tasavvurga asoslanadi. Biror narsa, voqea, predmet voqealanishi uchun ham avvalo bizning tasavvurimiz g‘alviridan o‘tishi kerak bo‘ladi. Ya'ni, bizning tasavvurimiz aralashmagan voqelik mavhumlikdir. Hayotning eng muhim jihati shundaki, o‘quvchi nimani tasavvur qilsa, o‘shangagina erishadi. Inson tasavvuri reallikni yaratadi. Tarixda yuksak kashfiyotlar qilgan daholar o‘z tasavvur doiralaridan ortig‘iga ega buyuk insonlar bo‘lishgan.

Kitob mutolaasi jarayonida o‘quvchining tasavvuri ishlaydi. U uzoq o‘tmishni, kelajakni tasavvur qiladi. Zamondoshlari hayotini tasavvurida gavdalantiradi. Bu jarayon teleekrandagi jonsiz surat shaklida emas, o‘quvchining ongida, tasavvur olamida sodir bo‘ladi. Va o‘z-o‘zidan o‘quvchining ongida ham o‘zgartishlar yasashga qodir bo‘ladi.

  1. 2. Kitob mutolaasi o‘quvchilar ma'naviyatini shakllantiradi. Ma'lumki, har bir xalqning turmush tarzi, yashash sharoiti, muomala madaniyatining rivojlanish tadriji o‘sha xalqning ma'naviyati shaklida namoyon bo‘ladi. Ularning ma'naviyati qadrlanadi, ularga hurmat bajo keltiriladi. Aslida o‘sha xalq ma'naviyatini shakllantiruvchi birinchi omil ta'lim-tarbiya jarayonining izchil yo‘lga qo‘yilganligidadir.

Ma'naviyat asosida tarbiya yotadi. Tarbiya ota-ona, maktab, mahalla kabi omillar asosida shakllanadi. Yuqorida sanab o‘tilganlardan eng muhimi maktabdir. Umumta'lim  maktablarida o‘quvchi ma'naviyatini shakllantirish uchun xizmat qiladigan barcha zaruriy shart-sharoitlar ishlab chiqilgan. Bu yoshlar ta'lim tarbiyasi uchun davlat tomonidan yaratilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikdir. Biroq, natija ba'zi hollarda kutilganidek chiqmayotganligi tashvishli holdir. Ba'zi o‘quvchilarning aqliy “kitob jovonlari”dan adabiyot darslarida o‘tilgan asarlar ham topilmaydi..

Odatda, o‘quvchilar adabiy insho yozganlarida darslik mualliflari yoki o‘qituvchining timsollar haqidagi fikrlariga yopishib olishadi. Buning sababi ularning o‘z fikrini ifodalashga o‘rgatilmagani, timsollar haqida shaxsiy qarashlarining yo‘qligi, asar mazmuni yoki matnning qaysi o‘rni va jihati ta'sir etganini ajrata olmasliklaridir. O‘quvchilarga insho yozdirishdan oldin o‘qituvchi ularning badiiy asarni qanday o‘qiganlari va qanchalik tushunganlarini aniqlab olishi zarur. Shunday maqsad bilan tashkil etilgan suhbatlar asnosida asar yuzasidan o‘quvchilar anglamay qolgan jihatlar va buning sabablari aniqlanadi. Shundan kelib chiqib ma'lum darajada tushuntirish ishlari amalga oshiriladi. Ayni vaqtda o‘quvchida mustaqil fikr, sog‘lom ma'naviyat shakllantirishga ham erishiladi.

3.Kitob mutolaasi o‘quvchining ta'lim-tarbiyasiga ta'sir etadi.

Insho yozish ko‘nikmasini shakllantirish aslida boshlang‘ich ta'lim davridan boshlansada, uning elementlarini maktabgacha tarbiya davridayoq kuzatish mumkin. Bola gapirishni boshlaganidayoq narsalar, atrof-olam, borliq bilan qiziqa boshlaydi. “Bu nima?” “Nega samalyot ucha oladi?” “Quyosh qayerdan chiqadi?” singari savollar paydo bo‘la boshlaydi. Ularga javob topishga harakat qiladi. Javob topish asnosida qisman ularga o‘z munosabatini ham shakllantiradi. Xuddi shu jarayon, bolaning shaxsiy munosabat bildirish istagi – inshoning ilk kurtaklari sifatida bo‘y ko‘rsatadi va o‘z navbatida insho o‘quvchilarning mustaqil fikrlashini, dunyoqarashini shakllantirish bilan birga ta'lim-tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.

O‘quvchi “O‘tkan kunlar” romanidagi Otabek obraziga tavsif yozish uchun avvalo uni o‘qib chiqishi shart. Kitob mutolaasi jarayonida Otabekning ijtimoiy muhitga, turmush o‘rtog‘iga, ota-onasiga bo‘lgan munosabatlarini tahlillaydi, ulardan keraklicha xulosa chiqaradi, o‘zida ham shunday xislatlar bo‘lishini ongli va ongsiz tarzda xohlaydi.

Q. Husanboyeva o‘quvchi shaxsining yuzaga chiqishida inshoning ahamiyatini quyidagicha baholaydi: “Insho yozish – ijodiy jarayon. O‘quvchini ijodga undash esa ruhiyatini bezovta qila oladigan, qiziqtirgan mavzuda yozishga va eng muhimi, o‘zining tuyg‘ularini, munosabatini so‘z bilan ifodalab berishga qiziqish uyg‘otilganda yengil va muvaffaqiyatli amalga oshadi. O‘quvchi ko‘pincha yozish­ga arziydigan salmoqli fikri yo‘qligi uchun yomon yozadi. Adabiyot darslarida insho yozdirishdan maqsad sinfdagi o‘quvchilarni ijodkor qilish emas. Muhimi, tarbiyalanuvchida shunday tuyg‘ularning ayrim jihatlari, belgilari paydo bo‘lsa,  juda bo‘lmaganda, darsda o‘rganganlariga munosabat bildirishga odatlansa, unda insoniylik, shaxslik kurtaklari paydo bo‘ladi. O‘zida shaxslik sifatlarini shakllantirishga erishgan bola rivojlanish sari intilishi, tabiiy”.

  1. Kitob mutolaasi o‘quvchining so‘z boyligini, nutqini oshiradi.

Ertaklarning mavzulari xilma-xilligi bilan ham e'tiborni o‘ziga jalb qiladi. Ularda turli sarguzashtlar, mo‘jizaviy hayot tasviri, adolatning g‘alaba qilishi, insonning fazilatlari  madhi keng o‘rin olgan. Bunday asarlarda ayniqsa, tasviriy san'atlardan, mubolag‘adan qayta-qayta foydalaniladi. Eng muhumi tinglovchi yoki kitobxon mubolag‘alarning birontasiga shubha bilan qaramaydi. Masalan, “Bulbuligo‘yo” ertagida daraxtning barglari zumraddan, mevalari oltindan bo‘ladi.  Ammo bunday mo‘jizalarning sodir bo‘lishi hech kimda shubha uyg‘otmaydi. Sehrli ertaklarda tilsimli narsa – predmet haqida ham fikr yuritilgan. Masalan: daryoga aylangan oyna, changalzorga aylangan taroq kabi tasvirlarga keng o‘rin beriladi. Ertaklarda inson xayoli naqadar cheksiz ekani namoyon bo‘ladi. Ularda kelajakka ishonch ruhi mavjud. Ertaklar o‘quvchining o‘z orzucidagi dunyoqarashni shakllantirishda muhim manba vazifasini o‘tash bilan birga uning nutqiy imkoniyatlarining yuzaga chiqiishida ham muhim rol o‘ynaydi.

Samarqand viloyat Samarqand shahar 14, 64-umumta'lim maktablari, Urgut tumanidagi 26, 105-umumta'lim makatablarida, shuningdek, Urganch shahridagi, Guliston shahridagi bir qator maktablarda to‘rt yil davomida tajriba-sinov ishlari olib borgan paytimizda nutq o‘stirish darslari tizimiga adabiy mavzudagi insholarni ham kiritish zarurligiga amin bo‘ldik. O‘quvchilar o‘zlariga topshirilgan ijodiy ishlarni katta xohish va qiziqish bilan bajardilar. Eng muhimi, biz ularda ijodiy faoliyatga qiziqish butunlay kuchayganligini sezdik. Ular tashabbus ko‘rsatishib, darsdan tashqari tadbirlarga bajonidil ishtirok etdilar, o‘zlarini darsga mixlab qo‘yilgandek his qilmadilar; har qanday munozaralarda judayam jonli chiqishlar qildilar, muammoli savollarga javob topdilar, bilim va idrokni oshirishga qaratilgan topshiriqlarni a'lo darajada bajardilar.

O‘tgan yillar mobaynida biz o‘quvchilarning insho yozish darajasining o‘sishini kuzatib bordik. Tadqiqot bilan tanishtirish rejasiga ko‘ra, tadqiqot mavzusi yuzasidan o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida, shahar metodik markazida, maktablarda ma'ruzalar o‘qildi. Barcha qiziqqan kishilarga tajribaviy tadqiqotlarda qatnashish imkoni yaratildi. O‘quvchilar bilan o‘tkazilgan suhbatlardan ishning ijobiy natijalari aniqlandi. Barcha o‘quvchilarning ijodiy ishlarga qiziqishlari, ularning ijodiy tasavvur va tafakkurining rivojlanish darajasi, nutqiy darajaning oshganligi, adabiyotga bo‘lgan qiziqishning ortganligini qayd etishdi.

Bu e'tiroflarning haqqoniyligiga ishonch hosil qilish uchun tasdiqlovchi tajriba o‘tkazilgan sinflarda bir necha nazorat darslarini olib bordik. Olingan ishlarni baholashning umumiy mezonlari oldindan ishlab chiqildi. Biz oldimizga ish olib borilgan har bir sinfni nazorat qilish topshirig‘ini qo‘ymadik, chunki ijodiy faoliyatga keng ko‘lamda baho berish va, umuman, ijodiyotni baholashning universal mezonlarini tanlash juda murakkab. Biroq ayrim sinflar misolida biz nazorat qilinadigan tajriba uchun insho mavzularini ixtiyoriy ravishda tanlab olib, buni amalga oshirishga harakat qildik. 5-sinf o‘quvchilariga badiiy so‘z asosidagi ijodiy insho yozish topshirildi. Bunda ulardan X.Andersenning ”Bulbul” ertagi asosida insho yozishni talab qildik. 6-sinf o‘quvchilariga oldin Mirtemirning “To‘rg‘ay” she'ri o‘qib chiqib, so‘ng “To‘rg‘ay nega bir nuqtada sayraydi?” savoliga javob berish asosida insho tashkil etish topshirildi. 7-sinf o‘quvchilariga A.Muxtorning “Bir tup o‘rik” she'ri o‘qib chiqilgach, “O‘rik nega yolg‘iz?” mavzusidagi ijodiy tasavvur va xayolot mahsulini tasvirlash vazifasi berildi. 9-sinf o‘quvchilariga S.Ahmadning “Ufq” trilogiyasidan olingan parcha asosida qahramonlardan birining monologini yaratish topshirildi. O‘quvchilarning tasavvuri va ijodiy tafakkurining rivojlanish darajasini ham, nutqiy rivolanish darajasini ham aniqlash imkonini beradigan mezonlar ham aniqlandi.

Dastlab ijodiy ishlarni turlariga ko‘ra baholash uchun maxsus mezonlar belgilandi:

a) badiiy so‘zga tayanilgan ijodiy ishlar uchun: badiiylik va tafakkurning obrazliligi;

b) nazariy-adabiy tushunchaga tayanilgan ishlar uchun: ijodiy tafakkur unsurlarining mavjudligi (aqlning egiluvchanligi, dialektivlik, ketma-ketlik);

v) axloqiy tushunchalarga tayanilgan ishlar uchun: estetik vaziyatning mavjudligi, o‘qilganlarni shaxsan tushunib yetish.

Tajriba va nazorat sinflarda o‘tkazilgan tekshirish va baholashda insho yozishga doir quyidagi malakalar asosiy o‘lchov birliklari sifatida qabul qilindi:

  1. Maqsadiga mos ravishda insho turlarining o‘ziga xos xususiyatlarini tushunish.
  2. Insho mavzusi va g‘oyasini izohlashda mushohadalarni tushunib yetganlik.
  3. Inshoning originalligi (g‘alati qahramonlar, mustqil o‘ylab topilgan qiziqarli buyumlar, g‘ayrioddiy harakatlar va boshqalar).
  4. Mantiqiylik, ketma-ketlik, sharhlash, tasavvur faoliyatining nazorati.
  5. Tilning tasviriy-ifodaviy vositalari, obrazlilik, nutqning hissiyligini bilish, inshoga monolog va dialoglarni qo‘shish.
  6. Insho yozishda o‘quvchilarning shaxsiy munosabat bildira olish ko‘nikmalarini rivojlanganlik darajasi.
  7. O‘quvchilarning insho mavzusini ochib berishda ijodiy yondashuvi
  8. Insho yozishda o‘quvchining erkinlik, onglilik, ixtiyoriylik tamoyiliga asoslanganligi.
  9. O‘quvchilarning mustaqil fikr bildirish malakalarining rivojlanganlik darajasi.
  10. O‘qilgan asardan olgan taassurotlarini yorqin ifodalab bera olish darajasi.
  11. Adabiy qahramonlarning xatti-harakatlariga munosabat bildira olishi va va uni asoslay olishi.
  12. Adabiy tarixiy davrlarga va adiblar ijodiga to‘g‘ri baho bera olishi.

Bajarilgan ishlar yakunida qiyidagi natijalarga erishildi. 5-sinflarda 75 o‘quvchi insho yozdi. Ulardan mezonlarga muvofiq ravishda baland daraja 19%ni tashkil qildi, bu tasdiqlovchi insho o‘tkazilganidan so‘ng 14%ga oshganligidan darak beradi, o‘rtacha daraja 49%ni (18%ga ko‘p), past daraja 32%ni (oldin 64% bo‘lgan) ko‘rsatdi.

7-8-sinf o‘quvchilari ham o‘zlariga berilgan topshiriqni juda qiziqish bilan bajarganlar. Ijodiy tafakkur va nutq madaniyati rivojlanishining baland darajasi 24%ni, o‘rta darajasi 56%ni, past darajasi 20%ni ko‘rsatdi.

Umuman olganda, nazorat tajribasi natijalariga ko‘ra, uning tasdiqlash tajribasiga qiyoslanganida, shunga amin bo‘ldikki, tasavvur, ijodiy fikrlash va nutq madaniyatining rivojlanish darajasi 15%ga, o‘rta daraja 27%ga o‘sgan, past ko‘rsatkichli o‘quvchilar miqdori deyarli 42%ga pasaygan, ya'ni o‘rta darajaga o‘tgan. Bu dalillarga asoslanib, tajriba natijalarini ijobiy va samarali deb tan olish mumkin.

Qayd etish lozimki, tajriba ishlarini olib borish jarayonida o‘quvchilarda ijodiy ishga barqaror qiziqishni, u bilan birga o‘z-o‘zini rivojlantirishga intilishini shakllantirishga, o‘quvchining ma'naviy olamini boyitishga erishildi. Ijodiy insho yozish davomida badiiy so‘z bilan ishlash usullarini egallash, nazariy-adabiy va axloqiy tushunchalar izohlagan ma'nolarni bilib olish ishning kompozitsion qurilishining, hissiy ifodaliligining yaxshilanishiga ta'sir ko‘rsatdi, o‘quvchilarning so‘z boyligining boyishi amalga oshdi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi o‘quvchilar ertaga qaysi kasb egalari bo‘lishidan qat'i nazar, ular birnchi navbatda, madaniyatli, ma'naviy barkamollik sari olg‘a boradigan kishilar bo‘lishlari lozim. Bugungi kunda madaniyatli kishi erkin va savodxonlik bilan yoza olishi va gapira olishi lozim. Shaxsni o‘z fikr va tuyg‘ularini xoh og‘zaki, xoh yozma ravishda ifodalash malakasisiz rivojlantirish mumkin emas. Shaxsni shakllantirish va rivojlantirish – ijtimoiy va iqtisodiy masalalarni hal qilishning dastlabki shartidir. Aynan mana shu sifat, ya'ni bolalikdan ijodiy fikrlash qobiliyatini, xayol qilish istagini uyg‘ota bilish o‘z fikri va dunyoqarashiga ega bo‘lgan barkamol avlod tarbiyasining asosiy tayanch dasturlaridan biri bo‘lib qoladi.  Bunday avlod Vatanimizning ertangi kuni, sharafi va vijdoni bo‘lib ulg‘ayadi.

Mutallib Hazratqulov, SamDU katta o‘qituvchisi

Dilorom Abdurahmonova, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi ona tili va adabiyot fani metodisti


Kiritilgan vaqti: 14/03/2018 12:06;   Ko‘rilganligi: 148
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/insho-kitobxonlik-va-savodxonlik-asosi-metodik-tavsiya
Chop etilgan vaqti: 19/08/2019 03:15
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing