Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Iqtidorli maktab bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida nizom”ni tasdiqladi.

Nizom umumiy o‘rta ta'lim muassasalari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktab-internatlar, sport yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini (keyingi o‘rinlarda bitiruvchilar deb ataladi) oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.

Oltin medal umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, chorak va yillik baholari a'lo bo‘lgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a'lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Kumush medal umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a'lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Namunali xulq-atvoriga ega hamda jamoat ishlarida faol bitiruvchilar ro‘yxati ta'lim muassasasining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va amaliyotchi psixologi tomonidan tegishli o‘quv yilining yakunida ta'lim muassasasining Pedagogik kengashiga kiritiladi.

Bitiruvchilarning namunali xulq-atvori ularning maktabning ichki tartib va odob-axloq qoidalariga doim rioya etishi, maktab formasiga rioya etishi, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo‘lishi bilan asoslanadi.

Bitiruvchilarning jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishi ularning ta'lim muassasasi manfaati, uning sha'ni va nufuzi to‘g‘risida qayg‘urganligi, ta'lim muassasasi rivoji uchun jonkuyarlik qilganligi, turli yo‘nalishdagi tashkiliy tadbir va ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etishi bilan asoslanadi.

Ta'lim muassasasi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari har yili 10 iyunga qadar:

  • bitiruvchilarning baholarini, o‘quv-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq hujjatlarni (sinf jurnali, baholar tabeli) o‘rganadi;
  • oltin va kumush medallar bilan taqdirlashga munosib bo‘lgan bitiruvchilar ro‘yxatini shakllantiradi;
  • oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadigan bitiruvchilar ro‘yxatini ta'lim muassasasining Pedagogik kengashiga taqdim etadi.

Pedagogik kengash ushbu Nizomning 3- va 4-bandlarida belgilangan talablar asosida har yili 14 iyunga qadar bitiruvchilarni oltin yoki kumush medallar bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Bitiruvchilarga oltin va kumush medallar mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida ta'lim muassasasi direktori tomonidan har yili 15 iyunga qadar tantanali ravishda topshiriladi.

Nizom oltin va kumush medallarni tayyorlash va muassasalarga yetkazib berish tartibini belgilab beradi.

Xalq ta'limi tizimiga oid so‘ngi yangiliklar bilan vazirlikning telegram kanali orqali ham tanishib borishingiz mumkin.


Oxirgi o‘zgarish: 06/03/2019 17:28;   Ko‘rilganligi: 282
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/iqtidorli-maktab-bitiruvchilarini-oltin-va-kumush-medallar-bilan-taqdirlash-tartibi-togrisida-nizom-tasdiqlandi
Chop etilgan vaqti: 07/12/2019 13:01
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing