Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Ixtisoslashtirilgan maktablarda ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga bag‘ishlangan viloyat seminari bo‘lib o‘tdi

Ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyati qoniqarlimi?

Bugungi kunda viloyatimizda 18 ta: 15 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktablari (IDUM), 3 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internat (IDUMI)lari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur ta'lim muassasalarining 2 tasi aniq fanlarga,  4 tasi aniq va filologiya fanlariga, 2 tasi ijtimoiy-gumanitar, 2 tasi aniq, filologiya va xorijiy tillarga, 4 tasi xorijiy tillarga, 1 tasi filologiya faniga ixtisoslashtirilgan va mazkur fanlar o‘quvchilarga chuqur o‘rgatiladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida viloyatdagi barcha IDUM va IDUMIlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019 yil 27 avgustdagi 19750-xh-sonli topshirig‘iga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas'ul xodimlari bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari amalga oshirildi. O‘rganish davomida mazkur muassasalarda Vazirlar Mahkamasining “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘quv-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, sanitariya qoidalari va me'yorlariga amal qilinishi, o‘quvchilarining bilim darajasi va pedagog-kadrlar salohiyatiga xolisona va adolatli baho berildi.

O‘rganishlarning birinchi bosqichida o‘kuv-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, sanitariya qoidalari va me'yorlariga amal qilinishi va pedagog-kadrlar salohiyati ko‘zdan kechirilib, baholandi.

Ikkinchi bosqichda esa Davlat test markazi tomonidan ixtisoslik fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning, o‘z fanlari bo‘yicha o‘qituvchilarning bilim darajasi test sinovidan o‘tkazildi. Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining o‘qituvchi va o‘quvchilaridan olingan test sinovi natijalariga ko‘ra, ba'zi ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalarining o‘qituvchi va o‘quvchilarning bilim va o‘zlashtirish darajasi belgilangan davlat ta'lim standartlariga mos kelmasligi aniqlandi.

Xullas, yakuniy natijalarga ko‘ra, viloyatdagi 18 ta ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalaridan 1 ta  Past Darg‘om tumanidagi 1-IDUMI faoliyati “A'lo”, Samarqand shahar 37-IDUM, 43-IDUM, Kattaqo‘rg‘on shahar 17-IDUM, Jomboy tumani 40-IDUM, Oqdaryo tuman 52-IDUMI, Past Darg‘om tuman 28-IDUMI, Samarqand tuman 2-IDUMlar, ya'ni 7 tasining faoliyati “Yaxshi”, Samarqand shahar 51-IDUM, Kattaqo‘rg‘on shahar 11-IDUM, Ishtixon tuman 1-IDUM va 2-IDUM, Narpay tuman 33-IDUM, Oqdaryo taman 45-IDUMlarning faoliyati “Qoniqarli” deb topildi.

Afsuski, Samarqand shahar 1-IDUM, Kattaqo‘rg‘on tuman 1-IDUM, Jomboy tuman 56-IDUM, Urgut tuman 136-IDUMlarning faoliyati “Qoniqarsiz” deb baholandi.

 

Malakali ustozlarning tajribasini ommalashtirish muhim ahamiyatga ega

Viloyatdagi ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyatini takomillashtirish, ularning faoliyatidagi kamchiliklarga barham berib, ilg‘or g‘oya va tajribalarni ommalashtirish maqsadida o‘rganishlar natijasida faoliyati “A'lo”, deb baholangan Past Darg‘om tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatida viloyat amaliy seminari tashkil etildi.

Darhaqiqat, mazkur IDUMIni 1998 yildan ayni paytga qadar to‘rt yuz nafardan ziyod o‘quvchi bitirgan. E'tiborlisi, qariyb uch yuz nafari oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Bugun ushbu muassasada ta'lim-tarbiya olayotgan 315 nafar o‘quvchiga 34 nafar malakali ustozlar saboq berib kelmoqda. O‘qituvchilarning 14 nafari oliy, 7 nafari birinchi va 1 nafari ikkinchi toifaga ega. Ular orasida davlat mukofotlari, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishoni sohiblari ham talaygina. Albatta, oliy toifali o‘qituvchi, malakali ustoz Sobir Sattorov rahbarligidagi o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan, yuksak bilim va salohiyatga ega ustozlardan ta'lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilar ham qator yutuqlarga erishib kelmoqda.  

Seminar ochiq darslar bilan boshlandi. 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatining oliy toifali o‘qituvchilari Hulkar Hakimova (ona tili), Ibrat Boymurodov (matematika), Muattar Ravshanova (tarix), To‘ra Jo‘rayev (Kimyo) Barno Haydarova (adabiyot)lar noan'anaviy yondashuvlar tarzida ochiq darslar tashkil etib, viloyatdagi ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari o‘qituvchilari uchun mahorat darslarini o‘tib berishdi. O‘qituvchilar darslarda erishilgan natijalarni tahlil etib, yutuq va kamchiliklarni muhokama qilishdi.

 

Viloyat ixtisoslashtirilgan maktab direktorlar kengashining tarkibi qayta ko‘rib chiqildi

Ochiq darslar yakunlangach, viloyat seminarining yalpi yig‘ilishi boshlandi. Unda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Mamarasulov, bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov so‘zga chiqib, viloyatda ta'lim sifati va samaradorligining ortib borishida, o‘quvchilarning ayrim fanlardan chuqur bilim olib, yuqori natijalarga erishishida ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktablari yetakchi bo‘lishi lozimligini ta'kidlashdi. Biroq 18 ta shunday muassasalarda o‘tkazilgan tahlillar, o‘quvchi va o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarining sinovi natijalari, ta'lim muassasalardagi umumiy holat talablarga javob bermasligini qayd etishdi. Bu, o‘z navbatida, viloyat xalq ta'limi tizimining milliy reyting va boshqa ko‘rsatkichlardagi o‘rni pasayib ketishi, ta'lim-tarbiyaning oqsab qolishiga sezilarli darajada “hissa” qo‘shganini bildirib, bunday kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalarini berishdi.

Jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini doimiy nazorat qilish, ularda ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, bu boradagi kamchiliklarga barham berish maqsadida viloyat xalq ta'limi boshqarmasi qoshida tashkil etilgan “Viloyat ixtisoslashtirilgan maktab direktorlar kengashi”ning tarkibi qayta ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov kengashning bosh koordenatori, 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatining direktori Sobir Sattarov esa kengash raisi etib tayinlandi. Bir hafta muddatda kengashning yillik rejasini tuzish va tasdiqlatish, viloyat ixtisoslashtirilgan maktablarining seminarlarini tashkil etishga kelishib olindi.

 

Samarqand viloyati xalq ta'limi

boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 22/02/2020 11:35;   Ko‘rilganligi: 73
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/ixtisoslashtirilgan-maktablarda-talim-sifati-va-samaradorligini-oshirish-ilgor-tajribalarni-ommalashtirishga-bagishlangan-viloyat-seminari-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 07:51
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing