Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MAKTAB PSIXOLOGLARI MALAKASI OSHIRILMOQDA

Psixolog ta'lim muassasasida o‘quvchiga ota-onasidan ham, o‘qituvchisidan ham yaqin sirdosh, eng yaqin insonidek bo‘lishi, o‘g‘il-qizlarning ko‘nglidan kechayotgan his-tuyg‘ulardan tez-tez muloqot orqali xabardor bo‘lishi zarur. Buning uchun avvalo unda yetarlicha kasbiy tajriba va malaka bo‘lishi shart.

Ayni dolzarb vazifadan kelib chiqqan holda Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida “Ahil oila – Baxtli maktab” dasturi doirasida umumiy o‘rta ta'lim maktablari psixologlari uchun “Ijobiy psixologiya va stress boshqaruvi bilim ko‘nikmalari” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Unda so‘zga chiqqan viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Muhammadiyev, prokuror yordamchisi Xurshid Musurmonov voyaga yetmagan yigit-qizlarning oiladagi nazoratsizligi, o‘z vaqtida ularga psixologik ko‘mak berilmaganligi oqibatida ular bilan bog‘liq noxush holatlar yuzaga kelayotganini ta'kidlashdi. Bunday holatlarning oldini olishda psixologlar bilan doimiy ravishda hamkorlikda ishlashga tayyorligi, amaliy ko‘mak berishlarini bildirishdi.
O‘quv-seminar davomida viloyat xalq ta'limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Orif Yusupov, tajribali psixolog Zebiniso Ahmedova, Samarqand davlat universiteti psixologiya kafedrasi mudiri Musharraf Salohiddinova va boshqa malakali mutaxassislar maktab psixologining vazifalari xususida to‘xtalib, o‘zlarining tavsiyalarini berishdi.
Tadbir davomida oilada va maktabda o‘quvchilar, ularning ota-onalari bilan bog‘liq muammoli holatlar aks etgan video roliklar namoyish etildi. Mavzu doirasida o‘zaro fikr almashildi.
Xuddi shunday seminarlar har bir tuman va shaharlarda tashkil etilib, barcha umumta'lim muassasalarining psixologlari ishtirok etishi, ularga muhim qo‘llanmalar, tavsiyalar berilishi ko‘zda tutilgan.
Xurshid G‘OZIYEV,
Samarqand viloyati xalq ta'limi
boshqarmasi psixologi


Oxirgi o‘zgarish: 12/12/2019 07:02;   Ko‘rilganligi: 99
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/maktab-psixologlari-malakasi-oshirilmoqda
Chop etilgan vaqti: 28/02/2020 01:45
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing