Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

“MATBUOT KUNLARI” HAR BIR TUMANDA O‘TKAZILSA...

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tashabbusi bilan an'anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Matbuot kunlari”ning navbatdagisi Samarqand viloyatida tashkil etildi.

Samarqand viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida o‘tkazilgan mazkur tadbirda viloyatning tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan ustoz va murabbiylar hamda Xalq ta'limi vazirligi nashrlari, jumladan, “Ma’rifat”, “Tong yulduzi” gazetalari, “Til va adabiyot ta’limi”, “Xalq ta’limi”, “G‘uncha”, “Gulxan” jurnallarining muharrirlari ishtirokida ijodiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
—“Ma’rifat”ni yoshligimdan sevib mutolaa qilaman, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori Aziza Boymurodova. — Pedagogika sohasiga kirib kelishimga, jamiyatda o‘z o‘rnimni topib, ustoz maqomini olishimda ham aynan “Ma’rifat”ning o‘rni bo‘lak. “Ma’rifat” quyoshi har doim yo‘limni yoritgan, u eng yaqin maslakdoshim.
—Ijodiy muloqot muharrir va mushtariy o‘rtasidagi ko‘z ilg‘amas ko‘prikni mustahkamlashda zo‘r imkoniyat bo‘ldi, — deydi Payariq tuman XTB aniq fanlar uslubchisi Olimjon Toshbekov. — Negaki, bu yerda muharrirlari ishtirok etgan ushbu nashrlarga juda ko‘p maqolalar jo‘natganmiz. Ammo aksariyati e'lon qilinmaganidan ba'zan norozi bo‘lganmiz, tushunarsiz javoblar olganmiz. Bu muloqot esa biz kabi ta'lim sohasiga oid gazeta va jurnallarsiz faoliyatini tasavvur qila olmaydigan mushtariylar va nashrlar o‘rtasida yaqinlikni hosil qildi. Taklifim, “Matbuot kunlari”ni yilda bir marta bir hududda emas, har chorakda eng chekka tuman va qishloqlarda ham o‘tkazish kerak.
—O‘tgan yili “majburiy obuna” tushunchasini noto‘g‘ri “hazm” qilib, shundog‘am ta'lim-tarbiya berishda oqsoqlanib kelayotgan ba'zi “ziyolilar”ga bu ancha qo‘l keldi, — deydi Samarqand shahridagi 6-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi Feruza Gaffarova. — Ahyon-ahyonda bir qo‘liga gazeta yoki jurnal oladigan "ishyoqmas"roq o‘qituvchilarimiz endi umuman ularni mutolaa qilmay qo‘ydi. Bu juda yomon, negaki bugun o‘qituvchi zamon bilan hamnafas, sohadagi eng so‘nggi g‘oyalarni dars mashg‘ulotiga singdirib o‘quvchini o‘qitmas ekan, qanday qilib teran fikrlovchi, bugungi kun talabiga mos o‘quvchini kamolga yetkazadi?! Ayni paytda fanlarga oid ilg‘or tajribalar, namunali dars ishlanmalari, tajribali ustoz va murabbiylarning malakasini o‘qituvchi qayerdan o‘zlashtiradi? Internetdanmi yoki televideniyedanmi? Balki, radiodan o‘zlashtirar? Yo‘q, u avvalambor, o‘z sohasiga oid zamon talablari asosida nashr etilayotgan gazeta, jurnalni varaqlab, undan o‘qishi va uqishi kerak. Eskicha ta'lim-tarbiya berib, joyida depsinib turmasdan, eng so‘nggi tajriba va malakalar bilan o‘rtoqlashuvchi nashrlarni doimo mutolaa qilishi lozim. Mana shu tushunchalarni o‘qituvchilarimizga bevosita tushuntirish, matbuotning ahamiyatini ularning ongiga singdirishda ijodiy muloqot ahamiyatli bo‘ldi, deb o‘ylayman.
—“G‘uncha”ga maktabimiz o‘quvchilari 500 dona obuna bo‘ldi, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi Shahnoza Ashirova. — U allaqachon o‘quvchilarimizning eng yaxshi ko‘rgan nashriga aylangan. Ayniqsa, “Mening maktabim”, “Javondagi oftobim” kabi tanlovlar o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni keltirib chiqardi. Ularda ishtirok etish uchun bugun dilbandlarimiz “G‘uncha”ni mutolaa qiladi, undagi tanlovlarda faol qatnashadi.
Qizg‘in savol-javoblarga boy o‘tgan ijodiy muloqot davomida nashrlar muharrirlari o‘zlarining doimiy faol mushtariylariga sovg‘alar ulashdi.
Abduhoshim ZIYODOV,
Samarqand viloyat xalq ta'limi
boshqarmasi matbuot kotibi


Oxirgi o‘zgarish: 05/12/2019 14:14;   Ko‘rilganligi: 110
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/matbuot-kunlari-har-bir-tumanda-otkazilsa
Chop etilgan vaqti: 28/02/2020 01:26
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing