Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MEMORANDUM TARBIYALANUVCHILARNING ORZU-UMIDLARINI RO‘YOBGA CHIQARMOQDA

Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusining ijrosini ta'minlash, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, tarbiyalanuvchilar uchun boshqa tengdoshlari bilan teng sharoit yaratish maqsadida 2019 yil yakuni arafasida viloyat prokuraturasi hamda xalq ta'limi boshqarmasi Jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi viloyat bo‘limi, bolalar musiqa va san'at maktablari, qator nodavlat o‘quv markazlari bilan hamkorlikda Memorandum imzolangan edi.

Darhaqiqat, ushbu Memorandum o‘z-o‘zidan yuzaga kelmadi. Dastlab viloyat prokuraturasi xodimlari va tegishli muassasa va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar Samarqand shahridagi 1- va 10-Mehribonlik uylarida bo‘lib, u yerdagi tarbiyalanuvchilar bilan yaqindan muloqotda bo‘lishdi. Ularning qiziqishlari, orzu-umidlariga quloq tutib, ularning murojaatlari asosida aniq rejalar belgilab olindi. O‘z navbatida, tarbiyalanuvchilarni umumta'lim maktablaridagi boshqa tengdoshlari qatori sport bilan shug‘ullanishi, teatr, musiqa va san'at to‘garaklarida ishtirok etishi, kitobxonlik bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun hamkor tashkilotlarning beminnat ko‘magiga zarurat tug‘ildi. Qisqa fursatlarda viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan xalq ta'limi boshqarmasi, Jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi viloyat bo‘limi, “FAST EDUCATION” va “TA’LIM KO‘PRIGI” nodavlat o‘quv markazlari hamda bir qator bolalar musiqa va san'at maktablari bilan o‘zaro kelishilgan holda Memorandum imzolandi. Mana qariyb uch oy o‘tmoqdaki, ushbu o‘zaro hamkorlikda tuzilgan Memorandum mehr-muruvvatga muhtoj tarbiyalanuvchilar, o‘ksik qalblarning orzu-umidlari, qiziqishlari, iqtidorini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilib kelmoqda. Bugungi kunda 1-Mehribonlik uyining 5 nafar tarbiyalanuvchisi “FAST EDUCATION” nodavlat ta'lim markazida ingliz tilidan, yana 8 nafari boshqa o‘quv markazlarida umumta'lim fanlaridan bepul qo‘shimcha darslardan bilimini oshirayotgan bo‘lsa, 10-Mehribonlik uyining 8 nafar tarbiyalanuvchisi “TA’LIM KO‘PRIGI” nodavlat ta'lim markazida, yana 8 nafari umumta'lim maktablari va akademik litseylarda tabiiy, aniq a ijtimoiy gumanitar fanlardan beminnat saboq olib kelishmoqda.

—Bugungi kunda “FAST EDUCATION” nodavlat ta'lim markazida ingliz tilidan bepul bilim olyapman, — deydi 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Mehroj Norbekov. — Kelajakda ingliz tili va boshqa fanlarni puxta o‘zlashtirib, Samarqand davlat chet tillar instituiga o‘qishga topshirmoqchiman. Ayni paytda qo‘shimcha darslarga qatnashayotganim bu borada men uchun katta imkoniyat yaratdi.

Ta'kidlash joizki, Memorandum asosida tarbiyalanuvchilarning qiziqishlariga ko‘ra sport turlari bilan shug‘ullanishini tashkil etish vazifasi belgilangan edi. Eng muhimi, ushbu yo‘nalishda ham e'tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 1- va 10-Mehribonlik uylarining jami 25 nafar tarbiyalanuvchisi suzish bo‘yicha “Delfin” suv havzasida doimiy mashg‘ulotlarda qatnashib kelmoqda. Bundan tashqari, Mehribonlik uylarida ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari bilan hamkorlikda “O‘zbek jang san'ati”, “Kurash”, “Muay tay”, shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Quvonarlisi, haqiqiy ishtiyoq va qiziqish bilan mashg‘ulotlarda faol ishtirok etayotgan yosh sportchi o‘g‘il-qizlar yutuqlarga erishmoqda. Misol uchun, 1-Mehribonlik uyida Memorandum asosida sportning “O‘zbek jang san'ati” turi bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlari faoliyat boshlaganiga ikki oy bo‘ldi. Bugun ushbu muassasaning 22 nafar turli yoshdagi tarbiyalanuvchilari murabbiy-o‘qituvchi Ismoil Abbosovdan O‘zbek jang san'atini puxta o‘zlashtirib kelmoqda. Shijoat va ishtiyoq, katta qiziqish bilan olib borilgan mashg‘ulotlar o‘z samarasini berayotir. Joriy yilning 7 mart kuni O‘zbek jang san'ati bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan viloyat chempionatida 1-Mehribonlik uyining 9 nafar yosh sporchisi qatnashib, 4 nafari birinchi, 2 nafari ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritib, muvaffaqiyatga erishdi. Buni, albatta, amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarining mevasi, deyish mumkin. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida madaniyat, san'at, kitobxonlik, kompyuter texnologiyalari, pazandachilik va boshqa yo‘nalishda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hamkorlikda ishlar amalga oshirilayotgani natijasida ularning bunday yutuqlar sonini yana uzoq sanash mumkin. Masalan, 10-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Pirimqul Tojiboyev Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Kamalak jilosi” Respublika ko‘rik-tanlovida qatnashib, “Xitoy mening tasavvurimda” mavzusidagi rassomlik asari bilan rag‘batlantiruvchi diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilari Baxtigul Danakova, Zuhra Alisherova “Ayollarga ehtirom”, “Do‘stlik va hamjihatlik oliy fazilat” nomli insholar tanlovida faol ishtirok etib, viloyat xalq ta'limi boshqarmasining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta muhim tashabbusi ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan “Biz birgamiz” shiori ostida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “5T Concours” ko‘rik-tanlovida 10-Mehribonlik uyining 26 nafar tarbiyalanuvchisi faol qatnashdi. Ular 5 tashabbusning birinchi va ikkinchi yo‘nalishlari bo‘yicha faxriy yorliq sohibi, uchinchi va beshinchi yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni, to‘rtinchi yo‘nalish bo‘yicha esa 2-o‘rinni egallab, ko‘rik-tanlovda munosib ishtirok etdi. Albatta, bunday yutuqlarga erishilayotgani, shubhasiz, bugun avvalo, farzandlarimizning iqtidorini rivojlantirish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan amaliy sa'y-harakatlar natijasidir. Memorandum asosida belgilangan vazifalar izchil davom etmoqda. Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 10/03/2020 12:57;   Ko‘rilganligi: 46
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/memorandum-tarbiyalanuvchilarning-orzu-umidlarini-royobga-chiqarmoqda
Chop etilgan vaqti: 07/04/2020 22:00
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing