Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

METODISTLAR O‘QUVI

Viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida tuman, shahar xalq ta'limi bo‘limlari metodistlari hamda aniq, tabiiy, filologiya va gumanitar fanlaridan tayanch maktablar etib belgilangan maktablarning trener o‘qituvchilari ishtirokida “Kompetensiyaviy yondashuvni amaliyotga tatbiq etishning metodik masalalari” hamda “Kitobxonlik-barkamol shaxs tarbiyasida muhim omil” mavzusida viloyat o‘quv seminari o‘tkazildi.

Yig‘ilishda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Q.Saidov mamlakatimizda barcha sohalarda, xususan, ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularni  amaliyotga tatbiq etishda xalq ta'limi tizimi rahbar va pedagog xodimlarining o‘rni hamda vazifalari to‘g‘risida so‘z yuritdi. Ta'kidlanganidek, metodist o‘zining bilimi, salohiyati, yurish-turishi, odob-axloqi va barcha insoniy fazilatlari bilan pedagog xodimlarga namuna bo‘lishi kerak. Fan metodisti o‘z yo‘nalishidagi fanlarni va darsliklardagi mavzularni puxta bilishi, badiiy va o‘quv-metodik adabiyotlarni ko‘proq o‘qib, o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatishi, metodik tavsiyalar tayyorlab, yangiliklarni o‘z vaqtida yetkazishi, asosiysi, ta'lim sifati va samaradorligini oshirishga hissa qo‘shishi lozim.

Seminar yig‘ilishida “Ta'lim-tarbiya – komil insonni voyaga yetkazish omili” mavzusida Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti katta o‘qituvchisi G‘.Hamroyev, “Kompetensiyaviy yondashuvni amaliyotga tatbiq etishning metodik masalalari” mavzusida viloyat XTTRMXQTMOI o‘qituvchisi Shahriyor Xolboyev, “Kitobxonlik-barkamol shaxs tarbiyasida muhim omil” mavzusida viloyat axborot-resurs markazi rahbari Yusuf Muhammadiyev ma'ruza qildilar.

-Bugungi seminarda belgilangan fanlardan tayanch maktablarida tashkil etilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarining mavzularini belgilash hamda ularni o‘qituvchilarga yetkazish metodlari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi, – deydi Pastdarg‘om tumanidagi 4-umumta'lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Laylo Karimova. –  Shuningdek, ta'lim muassasalarida kitobxonlik tadbirlarini tashkil etish, ona tili va adabiyot darslarida o‘quvchilarni badiiy adabiyotga, kitob o‘qishga qiziqtirish hamda o‘qiganlarini yozma bayon qilishga o‘rgatish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.

Fanlar kesimida tuman, shahar xalq ta'limi bo‘limlari metodistlari va trener o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan mahorat darslarida ishtirokchilar o‘zaro fikr va tajriba  almashdilar.


Kiritilgan vaqti: 28/02/2018 08:26;   Ko‘rilganligi: 278
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/metodistlar-oquvi
Chop etilgan vaqti: 10/12/2019 19:05
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing