Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Munosib baho

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 27 sentyabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan ta'lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlanganlar orasida Urgut tumanidagi 54-umumta'lim maktabining rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Yelena Nikolayevna Kirillova ham bor. Ta'lim sohasidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun muallima “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Urgut shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan  Yelena o‘sha paytda rus maktabi bo‘lgan 54-o‘rta maktabda a'lo baholarga o‘qidi. 1985 yilda bilim maskanini bitirib, shu yilning o‘zida Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdi. Oliygohda Vasiliy Larsev singari tajribali professor-o‘qituvchilardan rus tili fanining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandi. 1990 yilda universitetni tugallab, o‘zi o‘qigan maktabda rus tili fani o‘qituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Tinmay o‘z ustida ishlab, ustozlari Roza Sharipova va Lyubov Misurova kabi ustozlari yo‘lidan bordi. Tez orada ta'lim sifatini oshirishda tinmay izlanayotgan fidoyi o‘qituvchi sifatida o‘zini namoyon eta oldi. Mazkur ta'lim maskanining rus tili bo‘yicha tumanda tayanch maktabga aylanishida Yelena Kirillovaning ham munosib hissasi borligini tuman xalq ta'limi bo‘limi rahbarlari yaxshi bilishadi.

— O‘zbekistonda tug‘ilib, bag‘rikeng o‘zbeklar ichida o‘sib-ulg‘aydim, — deydi Yelena Kirillova. — Shu ulug‘ xalqning farzandlariga fan sirlarini o‘rgatish men uchun katta sharaf.

Ye. Kirillova 2015 yilda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan. Mahoratli o‘qituvchi tumandagi tadbirlarda rus tili fani o‘qituvchilari uchun “Mahorat maktabi” darslarini o‘tib, o‘z tajribalarini o‘quvchilarga o‘rgatib kelmoqda. Uning tajribalarini ommalashtirish maqsadida qariyb har yili ushbu maktabda rus tili o‘qituvchilarining tuman hamda viloyat seminarlari tashkil etiladi. Muallima jihozlagan rus tili  fani xonasi respublikadagi eng namunali fan xonalaridan biri sifatida e'tirof etilganligi bejiz emas. Yelena Nikolayevna mingdan ortiq ko‘rgazmali qurollar va zamonaviy o‘quv vositalarini o‘zi tayyorlagan. Tajribali pedagogning “Rus tilini o‘rganamiz”, “Fan va borliq”, “Nutq o‘stirish” va “Alifbo” singari elektron ko‘rgazmali vositalaridan o‘qituvchilar unumli foydalanishmoqda.

Fidoyi muallima maktabda “Quvnoq grammatika” va “Rus tilini mukammal o‘rganamiz” nomli fan to‘garaklarini tashkil etib, o‘quvchilarga rus tili fanini yanada qiziqarli o‘rgatishni o‘z oldiga  maqsad qilib qo‘ygan. Uning fidokorona xizmatlari inobatga olinib, 2011 yilda Yelena Kirillova “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Yelena opaning yuzlab shogird­lari ustoz izidan borib, o‘qituvchilikdek mashaqqatli va sharafli kasbni ulug‘lab kelishayotir.

— Ushbu mukofot Yelena opaning fidokorona mehnatlariga berilgan munosib baho bo‘ldi, — deydi maktab direktori Anvar Yarboboyev. — Zotan, har bir o‘qituvchi Ye.N.Kirillova singari o‘z kasbini fidoyilik deb qabul qilsa, ta'lim sohasidagi yutuqlar bundan-da sarbaland bo‘ladi.


Kiritilgan vaqti: 10/10/2017 08:47;   Ko‘rilganligi: 19
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/munosib-baho
Chop etilgan vaqti: 21/04/2019 01:38
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing