Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

NAVOIY DAHOSIGA EHTIROM

Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkiri, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavallud topgan kun munosabati bilan viloyatimizdagi ta'lim muassasalarida o‘tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodi, ijodiyotining nafaqat o‘zbek adabiyotida, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o‘rin egallashi xususida so‘z bormoqda.

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta'limi bo‘limi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 55-umumiy o‘rta ta'lim maktabida adabiy-badiiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda mahalla faollari, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar millatimiz ma'naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolaridan biri - Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, bebaho asarlari haqida so‘z yuritib, shoir ijodiyoti o‘zining ma'naviy teranligi hamda badiiy yuksakligi bilan bashariyat mulkiga aylanganligini ta'kidlashdi. Alisher Navoiy asarlaridagi ezgu g‘oyalardan yoshlarimizni bahramand etish, yigit-qizlarni buyuk ajdodlarimiz merosiga yuksak ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilayotganligi e'tirof etildi. Buyuk mutafakkirning "Xamsa", "Tarixi muluki Ajam", "Majolis un-nafois", "Munshaot", "Mezon ul-avzon", "Nasoyim ul-muhabbat", "Devoni Foniy” kabi bebaho merosi adabiyotimizning ma'naviy boyligidir. Tadbirda allomaning betakror g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi, yosh iste'dod egalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlar qalbiga zavq bag‘ishladi. Maktab kutubxonasida “Navoiy asarlarini o‘rganamiz” deb nomlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda maktabning 8-11 sinf o‘quvchilari ishtirok etib, buyuk alloma ijodiga mansub asarlar haqida davra suhbati o‘tkazishdi. Buyuk adib ijodidan namunalar o‘qishdi. “Navoiyxonlik oyligi” doirasida maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilayotgan noan'anaviy darslar, ma'naviyat soatlari va tadbirlar barchaga manzur bo‘lmoqda. Darhaqiqat, Navoiy she'riyatning o‘ndan ortiq janrlarida ijod qilgan. Uning g‘azal, ruboiy, tuyuq, fard, qit'a, muxammaslarini o‘qib, bu kabi janrlarda hech bir shoir Navoiydek ijod qilmaganini anglaymiz. "Umidim uldurki va xayolimga andoq kelurki, so‘zim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi a'lo darajadan o‘zga yerni yoqtirmagay", deb yozgan edi buyuk shoir. Darhaqiqat, birinchi Prezidentimiz I.Karimov ta'kidlaganidek, “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”. Bugun shoir asarlari dunyo bo‘ylab yuksak parvoz etmoqda. Ahli jahon uning ma'naviyat sarchashmasidan bahramand bo‘lmoqda.

D.ABDURAHMONOVA.


Oxirgi o‘zgarish: 08/02/2020 07:10;   Ko‘rilganligi: 22
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/navoiy-dahosiga-ehtirom
Chop etilgan vaqti: 18/02/2020 23:12
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing