Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

NAVOIY YODI-LA YASHAYMIZ MUDOM

Muzeyda tashkil etilgan noan'anaviy ochiq dars yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi

9 fevral – buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkiri, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavallud topgan kun. Millatimiz ma'naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolaridan biri bo‘lgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavallud topgan sana munosabati bilan yurtimizning barcha muassasa va tashkilotlarida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. She'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodi, ijodiyotining nafaqat o‘zbek adabiyotida, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o‘rin egallashi xususida so‘z yuritilmoqda. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tashabbusi bilan har yili fevral oyida Samarqand shahridagi Alisher Navoiy muzeyida umumta'lim maktablari o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirokida noan'anaviy ochiq dars mashg‘ulotlari o‘tkazish an'anaga aylangan. Joriy yil 6 fevral kuni o‘tkazilgan noan'anaviy ochiq dars mashg‘uloti ham yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi. Muzeyda tashkil etilgan noan'anaviy ochiq dars mashg‘ulotida Samarqand shahridagi 9-umumta'lim maktabining 6- va 9-sinf o‘quvchilari ishtirok etishdi. Dars mashg‘uloti davomida o‘zbek adabiy tilining asoschisi, she'riyat mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, bebaho asarlari haqida so‘z yuritildi. O‘quvchilar shoir qalamiga mansub ruboiy, tuyuq va g‘azallarni, Navoiy va Guli monologini yoddan, ifodali o‘qib berdilar. O‘quvchilar muzeydagi tarixiy eksponatlar, buyuk ijodkorning hayoti va ijodiga mansub asarlar bilan yaqindan tanishdilar. Alisher Navoiyning "Xamsa" asaridan joy olgan dostonlar haqida qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘ldilar.

D.Abdurahmonova,

ona tili va adabiyot fani metodisti.


Oxirgi o‘zgarish: 06/02/2020 14:00;   Ko‘rilganligi: 55
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/navoiy-yodi-la-yashaymiz-mudom
Chop etilgan vaqti: 28/02/2020 01:34
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing