Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

NAVOIYNING O‘QUVCHILARGA AYTGANLARI BOR

Aslida, Navoiyni har kun o‘qiymiz, uning bebaho asarlari, hikmatlari doim so‘zimizda va darsimizda takrorlanadi. Suhbatimizning mohiyati ham goho uning aytgan hayotiy naqliga borib taqaladi. Shu bois ishonch bilan aytamizki, buyuk ajdodimizga doim ehtiromdamiz.

Ana shunday ehtirom bois bugun Alisher Navoiyning tavallud topgan kuni oldidan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, badiiy kechalar avjida. Samarqand shahridagi 62-umumiy o‘rta ta'lim maktabida ham shunday tadbir tashkil etildi. —Yosh, bilimli va shijoatli ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz Vahobjon Avazov ulug‘ ajdodimiz tavalludini munosib nishonlashga kirishdi, — deya so‘z boshladi maktab direktori Nigora Salohiddinova. — Yana dars o‘qisa qulog‘iga kirishi qiyinroq bolalarni o‘quvchilar orasidan tanlab olib, tadbirni mazmunli o‘tkazishga intildi. Hozir tadbirni kuzatib, birgalikda baho beramiz... Sahna to‘rida Alisher Navoiy surati va “Qalblarda mangu, barhayot” yozuvi ilingan. Supachada lavh, uning ustida ochig‘lik kitob va yonida shag‘am “lipillab” turibdi. Kitob javonida esa Navoiyning shoh asarlari, u haqdagi olimlarning kitoblari jam. Tadbir boshlandi: “Besh asrkim nazmiy saroyni...” Har bir so‘zni burro-burro qilib o‘qib, ifodali she'r bilan ikki o‘quvchi barchaning e'tiborini tortdi. So‘z adabiyotshunos olimlarga berildi. Samarqand davlat universitetining professor-o‘qituvchilari Azmiddin Nosirov hamda Akram Toshpo‘latov Navoiyning oltin merosi, saxiyligi, sadoqatli do‘st, dono davlat arbobi, buyuk shoirligiga ta'rifu tavsif berishdi. Universitetning filologiya fakulteti talabalari oliy ta'lim muassasasida Navoiy asarlarining o‘qitilishi haqida to‘xtalib, topgan “duru gavharlari” ni jamlab allomaning g‘azallaridan ijro qilib berishdi. Shundan so‘ng, tavozu bilan sahnaga chiqib kelgan o‘g‘il-qizlar buyuk shoir g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qishdi. Boshiga salla, egniga yaktak kiygan, yuzida biroz hayajon aks etgan ustoz va shogird “Navoiy” va “Lutfiy” sahnada rol ijro etishdi. —O‘quvchining yaxshi-yomoni yo‘q, ustoz uchun bari birdek, — deydi Vahobjon Avazov. — Biroz odobsizrog‘i bo‘lsa ham buyuk ajdodimizning go‘yo o‘sha o‘quvchiga aytgan hikmatlari orqali tarbiyalashimiz mumkin. Universitetdan ustozlarimizni taklif qilganimiz ham Navoiyning bebaho merosini ular qalbiga chuqurroq singdirish, ularni ma'naviyat, ma'rifatga boshlash harakatidir. Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan mazkur tadbir, shubhasiz, sermazmun o‘tdi. Sahnada g‘azal va ruboiylarni vaznlarga solib, mehr bilan o‘qigan, Navoiy asarlarining tarbiyaviy ahamiyatini spektakldagi rollari orqali ifoda etgan o‘quvchilarni maktab direktori aytganidek, “quloqsiz” deya olmadik. Ular eng odobli, iqtidorli o‘quvchilar ekanligi hech kimda shubha uyg‘otmadi.

Abduhoshim ZIYODOV, Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi matbuot kotibi


Oxirgi o‘zgarish: 07/02/2020 16:20;   Ko‘rilganligi: 39
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/navoiyning-oquvchilarga-aytganlari-bor
Chop etilgan vaqti: 28/02/2020 01:35
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing