Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

“Nuroniy” gazetasida e'lon qilingan “Og‘riqli nuqta: o‘quvchi nega dars qoldiradi?” maqolasiga munosabat

Joriy yilning 5 fevral kuni “Nuroniy” gazetasining 5-sonida “Og‘riqli nuqta: o‘quvchi nega dars qoldiradi?” maqolasi e'lon qilindi.

Maqolada Samarqand shahridagi 59-umumta'lim maktabida joriy yilning 27 yanvar kuni jami 32 nafar o‘quvchining darsga kelmaganligi, maktab direktori Mehri Ro‘ziyevaning ushbu holatni izohlab aytgan fikrlari qayd etilgan. Ya'ni, shu kuni 17 nafar yuqori sinfda o‘qiyotgan o‘g‘il bolalarni YOCHT rahbari Temur Subhonov shahar mudofaa bo‘limi tomonidan so‘ralgan hujjatlarni tayyorlash maqsadida 3-son oilaviy poliklinikadan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida olib ketgan. Qolganlari turli sabablarga ko‘ra darsga qatnashmagan. Ba'zi o‘quvchilarning dars vaqtida sinfxonadan tashqarida yurganligi maqola muallifi tomonidan tilga olingan. Ushbu holat yuzasidan o‘sha kuni o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgan rus tili fani o‘qituvchisi Dilfuza Qurbonova hamda 9-V sinf rahbari Abduraim O‘runovga rasmiy ogohlantirish berilganligini ma'lum qilamiz. “Nuroniy” gazetasida e'lon qilingan “Og‘riqli nuqta: o‘quvchi nega dars qoldiradi?” maqolasida ayrim mavhum tushunchalar ham uchraydi. Maqolaning “Mazkur ta'lim dargohida ham ko‘p dars qoldiradigan o‘quvchilar bor”, deya boshlangan xat boshida o‘quvchida savol paydo bo‘ladi: go‘yo boshqa umumta'lim maktablaridagi xuddi shunday holat maqola muallifi Mansur Hasanov tomonidan o‘rganilganu aynan u qaysi ta'lim muassasasi ekanligi “tushib” qolgandek. Bu tanqidiy maqola yuzasidan 59-umumta'lim maktabi direktori Mehri Ro‘ziyevaning 2020 yil 5 fevral kuni Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limiga maqolaga munosabat tarzida berilgan 17-sonli xatida oydinlashadi. Ya'ni, joriy yilning 27 yanvar kuni 59-umumta'lim maktabiga “Samarqand” gazetasi muxbiri Mansur Hasanov o‘quvchilarning davomadini o‘rganish uchun keladi. U xuddi shunday shahardagi 1- va 6-umumta'lim maktablaridagi davomadni ham o‘rganib, natijalari bo‘yicha “Samarqand” gazetasining samarkandnews.uz rasmiy veb-saytida “O‘quvchi nega dars qoldirmoqda? Ushbu savolga kim javob beradi?” nomli maqola e'lon qiladi. Internet orqali e'lon qilingan maqolani “Nuroniy” gazetasi tahririyati xodimlari ko‘chirib olib, maqolani “tahrir” qilgan, aniqrog‘i noto‘g‘ri qisqartirishlar bilan e'lon qilgan. Natijada 1-umumta'lim maktabidagi davomad borasidagi muammolar ham 59-umumta'lim maktabi “zimmasiga” tushgan. “Nuroniy” gazetasida o‘quvchilarning davomadi masalasida maqola e'lon qilishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da, ushbu muammo dolzarbligini yo‘qotmaydi. O‘quvchilarning darslarga o‘z vaqtida qatnashishi ularning, avvalo, puxta bilim olishi, turli huquqbuzarlik va illatlar girdobida qolmasligi kafolatidir. Bu borada ota-onalar bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Shu bois samarkandnews.uz rasmiy veb-saytida hamda “Nuroniy” gazetasida e'lon qilingan maqolalar 59- va 1-umumta'lim maktablarida ota-onalar hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi. O‘quvchining ta'lim-tarbiyasi, darslarga muntazam qatnashishi borasida ota-onalarning zimmasidagi vazifalar ularga tushuntirildi. Ta'lim muassasalarida muammo va kamchiliklarni oldini olishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, amaliy yordam berayotgan ommaviy axborot vositalarining hamkorligi uchun minnatdorlik bildiramiz.

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 06/02/2020 09:02;   Ko‘rilganligi: 65
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/nuroniy-gazetasida-elon-qilingan-ogriqli-nuqta-oquvchi-nega-dars-qoldiradi-maqolasiga-munosabat
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 07:34
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing