Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Onlayn muloqot

Umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, ularning qalbida vatanparvarlik, ezgulik singari yuksak insoniy fazilatlarga mehr-muhabbat uyg‘otish maqsadida shoir va yozuvchilar ishtirokida (onlayn) videomuloqotlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, kitob taqdimotlari, taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari va mushoiralar tashkil etilmoqda.

2017 yil 24 yanvar kuni viloyat xalq ta'limi bosh­qarmasining majlislar zalida o‘tkazilgan nav­batdagi muloqotda O‘zbe­kis­tonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev ishtirok etdi.

Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi Multimedia va umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazida videokonferensiya shaklida tashkil etilgan ushbu muloqotda viloyat Axborot-resurs markazi, Samarqand shahridagi  umumta'lim maktablari Axborot-resurs markazlari xodimlari, taniqli ijodkorlar, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari va kitobxon o‘quvchilar ishtirok etishdi.

Beg‘ubor bolalikni jumboqlar olamiga o‘xshatish mumkin. Vatan tuprog‘ining sajdagoh kabi muqaddasligi, ezgulik va yovuzlik bu sehrli dunyoning doimiy sir-sinoatidir.

Kichkintoylarni ana shu sir-sinoat bilan chuqur tanishtirish va katta hayotga yo‘llashda bolalar adabiyoti zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklangan.

1958 yilda badiiy ijodga kirib kelgan ijodkorning qisqa vaqt orasida «Shoshqaloq», «Yosh gvardiya», «Sir ochildi», «Sehrli qalpoqcha» nomli kitoblari nashrdan chiqdi.

O‘tgan yillar davomida adibning «Omonboy va Davronboy», «Sariq devni minib», «Sariq devning o‘limi», «Besh bolali yigitcha», «Qasoskorning oltin boshi», «Yillar va yo‘llar», «Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida», «Jannati odamlar» kabi romanlari dunyoga keldi. 1972 yilda «Sehrli qalpoqcha» asari nemis tilida chop etildi. Uni o‘zbekshunos, tilshunos olima Dolerasi Shuls tarjima qildi.

Sevikli bolalar yozuvchisi 1982 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi», 1991 yilda «O‘zbe­kis­ton xalq yozuvchisi» unvonlari bilan taqdirlandi. Asarlari rus, ingliz, nemis tillariga tarjima qilinib, chet davlatlarda chop etildi.

Adib qalamiga mansub har bir hikoya, qissa va romanlar bolalikning beg‘ubor olami, xalq tarixi, taqdiri bilan bog‘liq muhim muammolarning badiiy ifodasi sifatida kichik kitobxonlar tarbiyasiga xizmat qilmoqda. Ularda yaratilgan o‘nlab qahramonlar bolalarning sevimli maslakdoshi va maslahat­go‘yiga aylangan.

Muloqot davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.


Oxirgi o‘zgarish: 24/11/2017 08:13;   Ko‘rilganligi: 276
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/onlayn-muloqot
Chop etilgan vaqti: 21/11/2019 03:10
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing