Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Oqdaryoda majburiy mehnat amalga oshirilmagan

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqand viloyati “Oqdaryo tumanidagi 38-umumta'lim maktab o‘qituvchilari maktab stadioni obodonlashtirishga olib chiqildi” degan mazmunda yoritilgan material yuzasidan axborot

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi 38-umumta'lim maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb qilinayotganligi, xususan, jazirama issiqda ayrim o‘qituvchilar maktab stadionida tozalash ishlarini olib borayotganligi to‘g‘risida xabar tarqalgan. Samarqand viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi tuman hokimligi, tuman prokuraturasi viloyat bandlik boshqarmasi hamda tuman xalq ta'limi bo‘limi vakillaridan iborat ishchi guruh ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan o‘rganish olib bordi.

Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida Oqdaryo tumanida 38-maktab o‘qituvchilari tomonidan maktab hududida joylashgan stadionda olib borilgan obodonlashtirish ishlari o‘qituvchilar o‘zlari faoliyat yuritayotgan ta'lim muassasasining ozodaligini saqlash maqsadida tashkil etilganligi aniqlandi. Mazkur maktabda hech qaysi o‘qituvchi majburiy tarzda obodonlashtirishga jalb qilinmagan. Aksincha, yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan maktab hududida tozalikni saqlash va obodonlashtirishni amalga oshirib, yangi o‘quv yiliga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsad qilingan.

 Ishchi guruh Oqdaryo tumanidagi 38-maktab o‘qituvchilari bilan muloqot o‘tkazishdi. Mazkur umumta'lim maktabida jami 70 nafar o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Ayni paytda ularning 50 nafari mehnat ta'tilidan qaytgan. Maktab o‘qituvchilari ishtirokida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan majburiy obodonlashtirish yuzasidan o‘qituvchilarni jamoat ishlariga jalb etish holatiga aniqlik kiritish maqsadida savol-javob o‘tkazildi. O‘tkazilgan suhbat davomida o‘qituvchilar maktab ma'muriyati, tuman xalq ta'limi bo‘limi va boshqa bir tashkilot tomonidan hech qanday majburiy obodonlashtirish ishiga jalb qilinmaganligini bildirib o‘tishdi.

Xususan, maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari M.Quvondiqova maktabda fan o‘qituvchilari 2019 yilning 1 avgustidan mehnat ta'tilidan ishga qaytganligi va ular o‘z ish rejalari asosida ishlari bilan mashg‘ul ekanligini, maktabda hech qanday o‘qituvchi yoki pedagog majburiy mehnatga jalb qilinmaganligini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari O.Ergashev maktabda ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilish arafasida ekanligini ta'kidlab, maktabdagi texnik xodimlar jamoasi yangi o‘quv yili oldidan obodonlashtirish ishlarini nihoyasiga yetkazish maqsadida o‘z ixtiyori bilan maktab hududini tozalashganligi, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchilar jalb etilmaganligini ta'kidladi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 avgustdagi 672-F-son farmoyishiga asosan 2019 yilning 15-30 avgust kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida obodonlashtirish va tozalik oyligi deb e'lon qilingan. Shuningdek, joriy yilning 13 avgust kuni Xalq ta'limi vazirligining 264-sonli buyrug‘iga asosan, 15-30 avgust kunlari xalq ta'limi muassasalarida obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda 17-18 avgust kunlari umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish belgilangan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, xalqimizda “Obodlik bor joyda xayr-baraka bo‘ladi”, “Sarishtali uy-farishtali uy” degan hikmatli naqllar bor. Qolaversa, xalqimizning necha ming yillik milliy qadriyatlari, urf-odatlari borki, ularda o‘zbek xalqining o‘ziga xos milliy an'analari o‘z ifodasini topgan. 

Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 28 yilligini munosib nishonlash arafasida turgan bir paytda ta'lim muassasining hududida olib borilgan obodonlashtirish ishlarini majburiy mehnat deb aytishning o‘zi uyat emasmi?!


Oxirgi o‘zgarish: 16/08/2019 17:42;   Ko‘rilganligi: 279
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/oqdaryoda-majburiy-mehnat-amalga-oshirilmagan
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 08:07
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing