Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

O‘qituvchi AKTni mukammal bilishi zarur

Ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish, tizimda an'anaviy uslublardan voz kechib, o‘quvchiga zamonaviy metodlar asosida, noan'anaviy tarzda bilim berish bugungi kunimizning dolzarb vazifalaridan biridir. O‘quvchilarga ta'lim-tarbiya berayotgan o‘qituvchilarning barchasi ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan to‘la-to‘kis xabardor emasligi bu borada muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

O‘quvchiga zamonaviy bilim berish, uni fanga qiziqtira olish, olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishini shakllantirish uchun o‘qituvchining AKTdan kengroq, o‘rinli va unumli foydalanishi muhim ahamiyatga ega. Samarqand viloyati xalq ta'limi xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash hududiy markazida umumta'lim maktabi o‘qituvchilari hamda metodistlar ishtirokida AKT jihozlaridan unumli foydalanish bo‘yicha tashkil etilgan seminar-trening ana shu maqsadda tashkil etildi.

Mazkur seminar-trening Xalq ta'limi vazirligi hamda Ta'limda Global Hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta'limni takomillashtirish” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Unda besh kun davomida AKT bo‘yicha malakali mutaxassislar hamda tajribali o‘qituvchilar viloyatimiz umumta'lim maktablarining 249 nafar o‘qituvchilari hamda 32 nafar aniq fanlar bo‘yicha metodistlariga seminar-trening o‘tib berishdi.

Guruhlar bo‘lingan holda tashkil etilgan seminar-treninglarda umumta'lim maktablarida darslarda AKT vositalaridan foydalanish shakllari, o‘quv jarayonini avtomatlashtirish maqsadida joriy qilingan OpenEMIS axborot tizimi va unga kirish, ta'lim muassasalarida lokal tarmoq tashkil etish usullari, EduCom dasturiy ta'minotida qo‘shimcha dasturlarni boshqarish, umumta'lim fanlaridan yaratilgan elektron darsliklar va ta'limiy o‘yinlarga bag‘ishlangan mavzularda tinglovchilarga saboq berildi.

Seminar-trening jarayonida o‘qituvchilar olgan bilimlari, mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalarni kompyuterlar orqali sinovdan o‘tkazib, bilimlarini mustahkamlab borishdi. Shu orqali seminarning natijadorligiga erishildi.

Samarqand viloyati xalq ta'limi bo‘limi axborot xizmati.


Oxirgi o‘zgarish: 27/12/2019 17:53;   Ko‘rilganligi: 125
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/oqituvchi-aktni-mukammal-bilishi-zarur
Chop etilgan vaqti: 05/04/2020 07:25
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing