Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

O‘QITUVCHI – QALB ME'MORI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 27 sentyabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta'lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz orasida Samarqand shahridagi 6-umumiy o‘rta ta'lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Firuza Gafarova ham bor. Firuza opa “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoni bilan taqdirlandi.

O‘quvchilik yillaridanoq o‘qituvchi bo‘lish orzu qilgan Firuza opaning bugun quvonchi cheksiz. Davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlanganini hamkasblari, shogirdlaridan eshitgan ustoz ushbu rag‘batni Prezidentimizning, davlatimizning ta'limga, o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan ulkan e'tibori samarasi deb biladi.

Kasbga sadoqat, shogirdlari va o‘quvchilariga nisbatan mehr va bag‘rikenglik, kamtarinlik, fidoyilik kabi  yuksak insoniy fazilatlar sohibasi bundan 12 yil oldin “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Ayni paytda 35 yillik pedagogik tajribaga ega bo‘lsa-da, o‘qish-izlanishdan to‘xtamaydigan muallima har bir darsga puxta tayyorgarlik ko‘rib, yangi kitoblar, ko‘rgazmali vositalar bilan boyitadi. Darsni o‘ziga xos, kechagiga o‘xshamagan tarzda o‘tishga harakat qiladi. Shuning uchun o‘quvchilari matematika darsiga murakkab fan sifatida qaramaydi, balki bu darsni ishtiyoq bilan kutadi. Darsdan keyingi qo‘shimcha mashg‘ulotlarda ham sinf o‘quvchilarga to‘lib ketadi.

– Firuza opa maktabimizning faxri, barchamizning ustozimiz, – deydi Samarqand shahridagi 6-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori Shahlo Yusupova. – Shaxsan men qariyb 20 yildan buyon opa bilan birga ishlayman. F.Gafarovaning bir nechta dars ishlanmalari viloyat hamda respublika miqyosida ommalashtirilgan. Viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tinglovchilari uchun har oyda maktabda ochiq dars o‘tkaziladi. O‘quvchilari esa bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida doimo yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Muallimaning o‘zi ham bir necha bor “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida g‘oliblikni egallagan.

– O‘qituvchining darsga tayyorlanmasdan kelishi jinoyatdir, – deydi F.Gafarova. – Chunki o‘tib ketgan vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Biz, pedagoglar har bir o‘quvchiga bo‘lg‘usi daholar deb qarashimiz kerak. Chunki tajribasiz muallim bo‘lishi mumkin, lekin iste'dodsiz bola yo‘q, degan gap ayni haqiqat. Har bir bola o‘ziga xos bir olam va unda qaysidir fanga, sohaga qiziqish bor. Ana shu qiziqish, iqtidorni vaqtida payqash va yuzaga chiqarish o‘qituvchining bilimi, mahorati va albatta, bolalarga bo‘lgan mehriga bog‘liq. O‘quvchisiga mehr qo‘ymagan, uni yaxshi ko‘rmagan o‘qituvchi zimmasidagi burchni bajara olmaydi, ustozlik darajasiga ko‘tarilmaydi, deb o‘ylayman.

Darhaqiqat, o‘quvchilar qalbiga yo‘l topib, ularga ilm o‘rgatishni hayotining mazmuni deb biladigan ustozlar hamisha e'zoz, e'tirofga sazovordir.


Oxirgi o‘zgarish: 25/11/2017 07:53;   Ko‘rilganligi: 71
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/oqituvchi-qalb-memori
Chop etilgan vaqti: 17/06/2019 20:19
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing