Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

O‘QUVCHILAR NEGA QORONG‘U SINFXONADA O‘QIMOQDA?

Bugun davr talabidan kelib chiqib, xalq ta'limining barcha bo‘lim va boshqarmalarida asosiy e'tibor, avvalambor, ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga qaratilmoqda. Sohada yutuqlar ko‘p, afsuski, yechimini kutib turgan muammolar ham kam emas.

Shu bois, ayni paytda pedagogning o‘z ustida ishlashga, faoliyatidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga, maktab rahbar xodimlari esa muassasadagi ta'lim sifat va samaradorligini oshirish, o‘quvchiga qiziqarli va sifatli ta'lim-tarbiya berish ustida izlanmoqda. Ammo ushbu faoliyatga to‘sqinliq qiladigan ba'zi kamchiliklar ham uchrab turadi...
Ijtimoiy tarmoqlar orqali Urgut tumanidagi ayrim umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ikkinchi navbatda o‘qiyotgan o‘quvchilar chiroq yo‘qligi bois qorong‘u sinfxonalarda ta'lim olayotgani haqida ma'lumot tarqaldi.
Holatga oydinlik kiritgan holda, aytishimiz mumkinki, bugun mazkur tumanda 141 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablari mavjud bo‘lib, ularda 103239 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktablarning aksariyati qishloqlarda joylashgan. Urgut tuman xalq ta'limi bo‘limi qoshidagi ekspluatatsiya xizmati bosh muhandisi Akmal Xursandovning ta'kidlashicha, haqiqatan ham tumandagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida elektr energiyasidagi uzilishlar tez-tez uchrab turadi. Bu, ayniqsa, ikkinchi navbatda o‘qiyotgan o‘quvchilarga muammo tug‘diradi. Afsuski, ba'zi umumiy o‘rta ta'lim maktablariga o‘rnatilgan zamonaviy istish moslamalarining elektr energiyasi bilan ishlashini inobatga olsak, o‘quvchilarning bir paytning o‘zida ham qorong‘u, ham sovuq sinfxonada o‘tirib dars o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Bu muammoli masalalarni kim hal qilishi joiz? O‘qituvchimi, maktab direktorimi?..
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining uchinchi bandiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq ta'limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko‘maklashishi, xususan, xalq ta'limi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta'minlashga mas'ul ekanligi qayd etilgan. Qolaversa, viloyat hokimi E. Turdimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot chog‘ida ba'zi maktablarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida jiddiy kamchiliklar borligini alohida tilga olib, maktab direktorlari ta'lim muassasidagi muammolarni hal etishga emas, bevosita ta'lim samaradorligini ta'minlashga javobgar ekanligini ta'kidlagan edi. O‘z navbatida, ushbu masalaga ijro hokimiyati jiddiy e'tibor qaratishi lozimligini talab qildi.
Xulosa o‘rnida ta'kidlash joizki, pedagog xodimlar, umumiy o‘rta ta'lim maktablari direktorlari, xalq ta'limi sohasi xodimlarining barchasi tizimdagi muammolarni oldini olishga mas'uliyat bilan qarashi lozim. Xalq ta'limi muassasalarini o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish, muassasalarning xavfsizligini ta'minlash, hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta'minlash, tizimdagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo‘yicha har bir soha mas'ullari bir yoqadan bosh chiqarib intilmas ekan muammolarni ijobiy hal etish mushkul. Ayni paytda maktabdek muqaddas dargohda xalq farzandi, sizu bizning orzu umidimiz, yurt kelajagi kamolga yetayotganini unutmasligimiz lozim.

Samarqand viloyat xalq ta'limi
boshqarmasi axborot xizmati.


Oxirgi o‘zgarish: 05/12/2019 14:10;   Ko‘rilganligi: 90
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/oquvchilar-nega-qorongu-sinfxonada-oqimoqda
Chop etilgan vaqti: 28/02/2020 00:38
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing