Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

O‘zbekiston “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limining ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar oyligidan majburiy badal talab qilinayotganligi to‘g‘risida tarqalgan ma'lumotlarga munosabati

Joriy yilning 27 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O‘zbekiston “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Bulung‘ur tuman hududiy bo‘linmasi tomonidan majburiy badal to‘lovlari talab qilinayotganligi to‘g‘risida ma'lumot tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi hamda O‘zbekiston “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston «Ma'rifatparvarlar» jamiyati 1999 yil 23 aprelda Respublika ta'sis majlisida tashkil qilingan. 1999 yil 10 sentyabrda Samarqand viloyat bo‘limi tashkil qilinib, 370-son raqam bilan Adliya boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tgan. O‘zbekiston «Ma'rifatparvarlar» jamiyatining 2015 yil 23 yanvar 1-sonli Konferensiyasida O‘zbekiston “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlarininng Nizomini tasdiqlash to‘g‘risida qarori qabul qilingan. Shu jumladan Respublikaning barcha viloyatlari kabi “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi 2015 yil 26 fevralda 115-conli guvohnoma bilan Samarqand viloyat Adliya boshqarmasidan qayta ro‘yxatdan o‘tgan va yangi tahrirdagi Nizomi tasdiqlangan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston «Ma'rifatparvarlar» jamiyati raisi Ubaydullo Uvatov ishlab kelmoqda. O‘zbekiston “Ma'rifatparvarlar” jamiyatining asosiy maqsad va vazifalari xalqimizning ma'rifiy madaniyatini yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish, zamonaviy dunyoqarash va bilimlarga ega bo‘lgan, vatanparvar va ma'rifatli insonlarni tarbiyalash ishiga keng jamoatchilikni safarbar etish, bu yo‘nalishdagi ishlarni targ‘ib etish ma'rifat sohasidagi muammolarni hal etishga ko‘maklashishdan iboratdir.

Nizomning 4.3. bandida jamiyatga a'zolikka qabul qilinuvchi shaxsiy arizasiga asosan ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi. Ushbu Nizomning 6.2. bandida a'zo bo‘lgan xodimning ish haqidan har oyda 1 foiz miqdorida a'zolik badali ushlanishi belgilangan. 6.3. bandida tuman bo‘linmasiga umumiy tushgan a'zolik badalining 50 foizi viloyat bo‘limiga o‘tkazilishi belgilangan. Tumanda qolgan 50 foiz a'zolik badallari ma'naviy-ma'rifiy maqsadlarda o‘tkaziladigan tadbirlarga, jumladan, ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, ta'lim-tarbiya sohasida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan ilg‘or tajribali mutaxassislarning ish tajribalarini ommalashtirish va ularni rag‘batlantirishga, nafaqadagi pedagoglarning holidan xabar olish belgilangan.

Xususan, Prezidentimizning tashabbusi bilan Oqdaryo tumanida “Ustoz” sanatoriyasi tashkil qilingan. Ushbu sanatoriyada viloyatdagi o‘qituvchilar imtiyozli yo‘llanmalar orqali dam olishadi. Yo‘llanmalar pedagoglar uchun tashkil qilingan bo‘lib, “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan moliyalashtiriladi va pedagoglarning sog‘liqlarini tiklash uchun sihatgohga yo‘llanmalar ajratilishiga safarbar etiladi.

Bugungi kunda Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi hamda O‘zbekiston “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan jamiyatning hududiy bo‘linmalari faoliyati doimiy nazoratga olingan. Bu boradagi muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘qituvchilarning shaxsiy arizalari bo‘lmagan taqdirda ulardan a'zolik badallari majburiy ravishda ushlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hozirgi kunda o‘qituvchilar majburiy ravishda a'zolikka qabul qilinmagan va a'zolik badallari yig‘ilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlar ariza yozish namunasi bo‘lib, o‘qituvchilarning oylik ish haqlaridan majburiy ravishda badal pullari yig‘ilmasligi qat'iy nazoratga olingan.

O‘zbekiston “Ma'rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi


Oxirgi o‘zgarish: 29/02/2020 11:01;   Ko‘rilganligi: 48
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/ozbekiston-marifatparvarlar-jamiyati-samarqand-viloyat-bolimining-ijtimoiy-tarmoqlarda-oqituvchilar-oyligidan-majburiy-badal-talab-qilinayotganligi-togrisida-tarqalgan-malumotlarga-munosabati
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 07:02
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing