Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

O‘zbekistonlik mutaxassislar Rossiya Federatsiyasida malaka oshirishdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta'limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari, Respublika ta'lim markazi hamda Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro taqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi mutaxassislaridan iborat 20 kishilik O‘zbekiston delegatsiyasi ta'lim sifatini baholash yuzasidan PISA, PIRLS, TIMSS xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi tajribasini o‘rganish maqsadida joriy yilning 17-23 fevral kunlari Moskva shahrida xizmat safarida bo‘lishdi.

2019 yil 18-22 fevral kunlari Moskva shahrida Jahon banki va Rossiya trening markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Ta'lim sifatini baholash tizimida xalqaro solishtirma tadqiqotlar - maktab ta'limini takomillashtirish mexanizmi sifatida” mavzusidagi seminar-treninglarda ta'lim sifatini baholash va xalqaro tadqiqotlar sohasidagi yetuk mutaxassislar hamda xalqaro ekspertlar tomonidan ma'ruzalar, davra suhbatlari tashkil etildi.

Seminarlarda Rossiya trening markazining “Ta'lim sohasida menedjment” fakulteti dekani Ye.A.Lenskaya, Rossiya ta'lim akademiyasi ta'limni rivojlantirish strategiyasi institutining Ta'lim sifatini baholash markazi rahbari G.S.Kovaleva, Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha Yevroosiyo assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya Ta'lim akademiyasi akademigi V.A.Bolotov hamda “Iqtisodiyot oliy maktabi” Milliy tadqiqot universitetining ta'lim instituti xalqaro tahlil laboratoriyasi rahbari o‘rinbosari A.B.Zaxarovlar tomonidan trening mashg‘ulotlari olib borildi.

        Shuningdek, trener o‘qituvchilar V.A.Bolotov “Global o‘zgarishlar davrida turli darajadagi ta'lim sifatini baholash tizimining rivojlanish tendensiyalari”, G.S.Kovaleva “Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro solishtirma tadqiqotlarda Rossiyaning ishtiroki”, Ye.A.Lenskaya “Yaxshi ta'lim tizimi qanday qilib o‘zining salohiyatini oshiradi?”, A.B.Zaxarov “Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro solishtirma tadqiqotlar natijalarining kompleks tahlillari” mavzularida ma'ruzalar qilishdi.

          Rossiya trening markazi Ta'lim sifatini baholash markazi katta mutaxassisi G.A.Sidorova “PISA - 2020-2021 tadqiqotlar doirasida asosiy maktab bitiruvchilarining o‘qish savodxonligini baholash”,  Ta'lim sifatini baholash markazi tabiiy-ilmiy laboratoriyasi mudiri A.Yu.Pentin “PISA - 2020-2021 tadqiqotlar doirasida asosiy maktab bitiruvchilarining tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash”, Ta'lim sifatini baholash markazi matematika fanlari laboratoriyasi mudiri L.O.Roslova “PISA - 2020-2021 tadqiqotlar doirasida asosiy maktab bitiruvchilarining matematik savodxonligini baholash”, maorif nashriyotlarini rivojlantirish departamenti direktori O.B.Loginova “PISA - 2020-2021 tadqiqotlarida innovatsion yo‘nalish – asosiy maktab bitiruvchilarining kreativ fikrlashini baholash”, ijtimoiy-gumanitar ta'lim markazining katta ilmiy xodimi Ye.L.Rutkovskaya “Xalqaro tadqiqotlar metodologiyasi va baholash mezonlaridan milliy o‘quv-uslubiy va o‘lchov materiallarini yaratishda foydalanish” mavzularida mazmunli mashg‘ulotlar olib borishdi. Mashg‘ulotlar mavzulari seminar-trening ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi, qizg‘in muhokama va munozaralarga boy bo‘ldi.

Ta'lim sifatini baholash tizimini takomillashtirish, xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishda xalqaro tajribalarni o‘rganishga oid ma'ruzalar davomida xalqaro ekspertlar va mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikrlar trening ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida o‘tkazilgan mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Ta'lim muassasasalari faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i G‘.Boboxolov ishtirok etib, Rossiya trening markazining  sertifikati bilan taqdirlandi.

 

 

                                                         Boshqarma Axborot xizmati.


Oxirgi o‘zgarish: 01/03/2019 14:00;   Ko‘rilganligi: 213
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/ozbekistonlik-mutaxassislar-rossiya-federatsiyasida-malaka-oshirishdi
Chop etilgan vaqti: 15/10/2019 10:49
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing