Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Payariq va Oqdaryo tumanidagi maktablarda kuzatilgan kamchiliklarni viloyat xalq ta'lim boshqarmasi o‘rgandi

Joriy yilning 7 avgust kuni saytimizda “Oqdaryo maktablariga vazirning havasi kelgani rostmi, Payariqqa-chi?” sarlavhali maqola e'lon qilingandi va unda yuqoridagi ikki tumanning ayrim maktablaridagi kamchiliklar ko‘rsatilgan edi.

Mazkur maqola yuzasidan Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, Oqdaryo tumandagi 12 va 15-umumta'lim maktablaridagi kamchiliklar bartaraf etilgan. Ya'ni maktablar markazdan uzoqda joylashgani bois telefon tarmog‘iga ulanmagan va shu sababli internetdan foydalanishlari uchun “Uzmobile” telefon apparatlari bilan ta'minlangan. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan har oyda “Uzmobile” telefon apparatlari orqali internet tarmog‘idan foydalanishlari uchun pul to‘lab boriladi.

12-umumiy o‘rta ta'lim maktabining futbol maydoni yon chiziqlari chizilib, 15-umumta'lim maktabi hududida joylashgan katta kuchlanishdagi transformatorning eshiklari o‘z joyiga o‘rnatildi. Maktabning bo‘sh turgan joyiga terak ko‘chatlari ekish rejalashtirildi va bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Payariq tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta'lim maktabining sport maydonchasi begona o‘tlardan tozalandi, sport zalga sport jihozlari qo‘yildi. 6-umumta'lim maktabda sinfxonalarning yetishmasligi sababli maktabga Payariq tibbiyot kolleji binosidan 12 ta xona ajratildi,  ta'mirtalab chiroqlar o‘rniga tejamkor lampalar qo‘yildi. 87-umumta'lim maktabida hech kim yo‘qligiga sabab esa o‘sha kuni muassasa direktorining onasi vafot etganligi va uning o‘rinbosarlari tumandagi 79-umumta'lim maktabida tashkil etilgan “Xalqaro ta'lim tizimida ta'lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish bo‘yicha” o‘quv seminarda bo‘lgan.

Kelgusida bunday kamchiliklar yuz bermasligi uchun yuqorida nomlari keltirilgan umumta'lim maktablari xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va mas'ullar ogohlantirildi.


Oxirgi o‘zgarish: 10/08/2019 08:10;   Ko‘rilganligi: 106
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/payariq-va-oqdaryo-tumanidagi-maktablarda-kuzatilgan-kamchiliklarni-viloyat-xalq-talim-boshqarmasi-organdi
Chop etilgan vaqti: 20/11/2019 18:31
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing