Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

PISA XALQARO DASTURIDA ILK BOR ISHTIROK ETAMIZ

Mamlakatimizda ta'lim sifatini baholashda xalqaro baholash dasturlarini joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti o‘rtasida Xalqaro talabalar bilimini baholash dasturida (Agreement for participation programme for international student assessment (PISA) 2021) ishtirok etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgani ham bu boradagi muhim qadam bo‘ldi.

Darhaqiqat, PISA tizimi o‘quvchilarning ta'lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur bo‘lib, uning asosiy maqsadi – 15 yoshli o‘quvchi-yoshlarning o‘qish savodxonligi, matematik savodxonlik va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajalarini turli xil testlar ko‘rinishida baholashdir. Ushbu loyiha o‘quvchilarning ijodiy va tanqidiy fikrlashlariga, olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlariga baho berish va keyinchalik bu ko‘nikmalarni hosil qilishga undashdir. Ushbu dastur 1997 yilda joriy etilgan bo‘lib, har uch yilda bir marta o‘tkazib kelinadi. Birinchi marta 2000 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, unda 43 ta mamlakat o‘quvchilari o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishgan. 2003 yilda 41 ta mamlakatdan, 2006 yilda 55 ta mamlakatdan, 2009 yilda 75 ta mamlakatdan, 2012 yilda 65 ta mamlakatdan, 2015 yilda 71 ta mamlakatdan va 2018 yilda 78 ta mamlakatdan o‘quvchilar ishtirok etishgan. Sinovlarning navbatdagisi — 2021 yilda 88 ta mamlakat, jumaladan ilk bor yurtimiz umumta'lim muassasalarining o‘quvchilari ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda ushbu nufuzli sinovlarda munosib ishtirok etish uchun mamlakatimiz umumta'lim maktablarida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi jami 44 ta umumta'lim maktabi bu borada tayanch maktablar sifatida belgilangan. Bugungi kunda ushbu maktablarning moddiy-texnik bazasi, o‘quv laboratoriyalarining zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi, o‘qituvchilarning salohiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilning so‘nggi uch oyi davomida tayanch maktablarning belgilangan talablarga javob berishi qayta-qayta ko‘zdan kechirildi. Barcha tuman va shahar maktablarida “Islohotlar samaradorligini ta'minlash, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ta'lim sifati nazoratini kuchaytirish hamda tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirish, “Oila-mahalla-maktab-oliy ta'lim” hamkorligini mustahkamlash” pirovard maqsadimiz” mavzusida o‘ndan ortiq viloyat o‘quv-seminarlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda tayanch maktablarning pedagogik jamoalari, fan metodistlari, ona tili va adabiyot, matematika, geografiya, fizika, biologiya, kimyo fanlari o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Ularga oliy ta'lim muassasalari, Samarqand viloyati xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan mahorat darslarini o‘tib berishdi. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz xalq ta'limi tizimi 2021 yilda nufuzli xalqaro sinov oldida turibdi. Unda munosib ishtirok etish ushbu yo‘nalishdagi xalqaro tajribalarni sohaga keng tatbiq etish, xalq ta'limi tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish imkonini beradi.

G‘ayrat BOBOXOLOV, Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat koordinatori


Oxirgi o‘zgarish: 17/12/2019 08:02;   Ko‘rilganligi: 130
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/pisa-xalqaro-dasturida-ilk-bor-ishtirok-etamiz
Chop etilgan vaqti: 08/04/2020 17:02
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing