Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

"Prezident qizlarimni sovg‘a bilan siylab, tabrigi bilan qalbini g‘ururga to‘ldirdi"

"Oltin Samarqand" restoranida o‘tkazilgan "Prezident archasi" bayram tadbirida 452 nafar mahallalardagi 3-15 yoshdagi chin yetim bolalar, Mehribonlik uylari, SOS bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari, ona Vatanimiz sarhadlarini mardonavor himoya qilish, tinchlik va osoyishtaligimizni ta'minlash, yurtga sadoqat bilan xizmat qilish chog‘ida jasorat ko‘rsatib, halok bo‘lgan o‘g‘lonlarning farzandlariga "Prezident sovg‘asi" topshirildi.

Bayramda viloyat hokimi E. Turdimov bolajonlarni bayram bilan qutlab, ezgu orzu-maqsadlarining ro‘yobini tiladi. O‘zbekiston Qahramoni H.Normurodov, Samarqand shahar hokimi B. Obloqulov va boshqa davlat idoralari rahbarlari Yurtboshimizning bolajonlar uchun yuborgan tuhfasini ularga topshirishdi. Prezident sovg‘asi, Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlarining tomoshalari, ertak-spektakllar o‘ksik murg‘ak qalblarga cheksiz shodlik ulashdi. Bayram dasturxonidagi turfa shirinliklar, o‘ziga xos "bolajon" taomlar ularni yanada xushnud etdi. Tantanali tadbir bolalar uchun bir olam unutilmas taassurotlar bilan nihoyasiga yetdi. Ammo barchasidan ko‘ra ijtimoiy tarmoq orqali kelgan bir nechta surat va qisqa fikr mening ham qalbimni to‘lqinlantirib yubordi: -Bayramdan so‘ng ikkala qizalog‘im uyga shoshildi va yetgach sabrsizlik bilan Prezidentimiz yuborgan sovg‘aga to‘la qopchani ochishdi. Shirinliklar, o‘quv qurollarini birma-bir olib qo‘yarkan, Shukronaxon sevinib, hayajonlangancha: Prezident menga maktub ham yuboribdi, meni bayram bilan tabrikladi!.. Opasining so‘zini eshitib, singlisi Favqiyaxon ham shoshgancha narsalarni qopchadan olib, Yurtboshimizning tabrigini hijjalab o‘qigancha ko‘zlariga sevinch yoshi keldi... Ular doim suyukli dadasini sog‘inadi. Har gal g‘amxo‘r va xalqparvar Prezidentimiz alohida e'tibor berayotganini qalban his etganda sog‘inch arigandek bo‘ladi. Farzandlarim quvonchi menga kuch, ertangi kunga ishonch beradi. Yurtboshimizdan nihoyatda minnatdormiz. Alloh ulug‘ boshini omon qilsin! Maktubda sovg‘alar asrab qo‘yishga arzigulik qopchada kelgani, bolalarning bilimi va qobiliyatini rivojlantiruvchi o‘quv qurollar, ayniqsa, shaxmat borligini xursandchilik bilan e'tirof etilgan. Abduhoshim ZIYODOV, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari

Oxirgi o‘zgarish: 03/01/2020 12:19;   Ko‘rilganligi: 47
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/prezident-qizlarimni-sovga-bilan-siylab-tabrigi-bilan-qalbini-gururga-toldirdi
Chop etilgan vaqti: 19/02/2020 00:59
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing