Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

PUXTA REJALAR SOHA RIVOJIGA XIZMAT QILADI

2017 yil 19 avgust kuni viloyat hokimligida xalq ta'limi hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimi rahbar va pedagog kadrlarining Avgust kengashi yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Barcha tuman va shaharlarga videoselektor tarzida namoyish etilgan yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari Azamat Umarov ma'ruzasida o‘tgan o‘quv yili tahlili, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yangi o‘quv yili uchun muhim va ustuvor vazifalarni belgilab olishga e'tibor qaratildi.

Ta'kidlandiki, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning xalq bilan uchrashuvlarida, virtual qabulxonaga ota-onalardan umumta'lim maktablarida 10-11 sinflarni qayta tashkil etish bo‘yicha ko‘plab takliflar kelib tushdi.

Ota-onalar va 9-sinf bitiruvchilari bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida 55340 nafar 9-sinf bitiruvchilaridan 1165 nafari akademik litseylarda, 15000 nafari kasb-hunar kollejlarida, 39142 nafari umumta'lim maktablarining 10-sinfida o‘qish istagini bildirgan.

Maktablarda 11 yillik majburiy ta'lim tizimining joriy qilinishi farzandlarimizning kelajagiga ta'sir qilishini va bu jarayon juda murakkabligini e'tiborga olib, mazkur jarayonga o‘ta mas'uliyat bilan yondashish lozim.

O‘z navbatida, Yurtboshimiz tomonidan tizimda mehnat qilayotgan pedagoglar oldiga aniq vazifa ham qo‘yildi: “Yangicha fikrlovchi kishilarni tayyorlamasdan, tarbiya qilmasdan o‘z oldimizga qo‘ygan vazifa va maqsadlarni ro‘yobga chiqara olmaymiz”.

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yuldashev, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Aziz Nasimov tizimda yuzaga kelgan muammolar, og‘riqli masalalar, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish yuzasidan o‘z mulohazalarini bayon etdi.

– O‘qituvchilarning darslarga tayyorgarliksiz kelishi, ilg‘or pedagogik texnologiyalar, ko‘rgazmali vositalar va noan'anaviy dars uslublaridan foydalanmayotgani bilan bog‘liq o‘nlab salbiy holatlar o‘qituvchining kasb etikasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi, – deydi R.Yuldashev. – Ta'lim muassasalariga o‘quvchi-yoshlarni to‘liq jalb etish, 11 yillik ta'limning uzluksizligi va majburiyligini ta'minlashda jiddiy masalalar o‘z yechimini kutib turibdi. O‘quvchilar davomati, muntazam darslarga kelmaydigan yoshlar bilan ishlashni tizimli tashkil etish lozim.

11 yillik majburiy ta'lim joriy qilinishi munosabati bilan maktablarda joriy yilda 12 fandan 42820 to‘plam darsliklarga ehtiyoj yuzaga keldi. 2018-2021 yillar davomida o‘quvchilarning sonidan kelib chiqib, darsliklar to‘plami 57 ming 338 tagacha yetkaziladi. Maktablarda hozirgi vaqtda 45730 nafar o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib, 10-sinflarining ochilishi munosabati bilan 2364 nafar o‘qituvchiga ehtiyoj mavjud.

Umumta'lim maktablarida maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan avtoslesar, tikuvchi, bo‘yoqchi, dizayner-fotograf, zargar, kashtachilik, kulolchilik, qandolatchilik, novvoy, oshpaz, sartarosh, chilangar, duradgor, suvoqchi kabi 50 dan ortiq kasblarning o‘quv ishlab chiqarish majmualarida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi va shu kasblar bo‘yicha ishga joylashishlari uchun sertifikatlar beriladi.

O‘quv ishlab chiqarish majmualari 460 ta maktablar uchun 166 ta maktab bazasida, 756 ta maktablar uchun esa 61 ta kasb-hunar kolleji bazasida tashkil etilishi belgilandi.

Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017 – 2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatda 2021 yilgacha 281 ta maktabgacha ta'lim muassasasini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 21000 nafar tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan 420 ta qisqa muddatli guruhlarni tashkil qilish orqali maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrovni keskin oshirishimiz kerak bo‘ladi.

Anjuman yakunida bir guruh faol, samarali faoliyat ko‘rsatgan pedagoglar, ta'lim muassasalari rahbarlari viloyat hokimligi hamda boshqarmalarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.


Kiritilgan vaqti: 20/08/2017 08:12;   Ko‘rilganligi: 243
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/puxta-rejalar-soha-rivojiga-xizmat-qiladi
Chop etilgan vaqti: 23/11/2019 03:09
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing