Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

QONUNIYLIK MADANIYATINI TARG‘IB QILISH — BOLALIKDAN BOSHLANADI

Huquqiy madaniyatni yuksaltirish bolalikdan, ha, aynan maktabdan boshlangani eng samarali yo‘ldir. Bolaga tarbiya berishda oq-qorani ajratishga ko‘maklashish bilan birga, to‘g‘ri-noto‘g‘ri, qonuniy-noqonuniy, halol-harom uqtirilsa maqsadga muvofiqdir. Bunda, avvalo, ota-ona, ayniqsa, pedagog bosh tarbiyachi bo‘lishi lozim. Demak, o‘quvchiga huquqiy madaniyatni to‘la-to‘kis singdirish uchun o‘qituvchining tajriba va malakasini oshirish muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasi hamkorligidagi “Ta'lim adolat uchun” (Education for Justice) tashabbusi ayni mana shunday maqsadlarga ham qaratilgan.
Samarqand shahridagi «Registon Plaza» mehmonxonasida ikki kundan buyon davom etayotgan seminar-treningda Samarqand, Jizzax, Buxoro va Navoiy viloyatlari umumta'lim muassasalarining pedagog xodimlariga BMT Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasining milliy treniri Indira Muqimova, Xalq ta'limi vazirligi Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Ahmedov va boshqalar yurtimizda bolalar huquqini muhofaza qilish, ularning ta'lim-tarbiya jarayonlari va oilada huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ularning samarasi haqida o‘z fikrlarini bildirib, tavsiyalarini berishmoqda.
—Ikki yildan buyon “Ta'lim adolat uchun” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, respublikamizning turli hududlarida olib borilayotgan targ‘ibot ishlari o‘z samarasini bermoqda, — deydi Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Ahmedov. — Buni, o‘z navbatida, o‘quvchilar o‘rtasidagi turli huquqbuzarliklar sonining kamayayotganida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, ana shu sa'y-harakatlarimiz tufayli o‘quvchilar ishtirokidagi huquqbuzarliklar 429 tadan 289 tagacha kamaydi. Demak, biz olib borayotgan ayni ishlar o‘zining ijobiy samarasini beryapti. Shu bois ushbu jarayonga o‘qituvchilarni ko‘proq jalb etish, ularning bolalarda huquqiy madaniyatni shakllantirishga oid bilim, malaka va tajribasini oshirishga alohida e'tibor qaratyapmiz.
—Maqsadimiz sog‘lom va har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishga ko‘maklashish, — deydi BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasining milliy treniri Indira Muqimova. — Bu borada bola ongiga ota-onaning oiladagi munosabati, farzandiga e'tibor va g‘amxo‘rligi, uyali aloqa vositalari va internetning ta'siri, ta'lim-tarbiya mashg‘ulotlarining barchasini qamrab olgan holda o‘qituvchilarga malakaviy yordam berishga intilyapmiz. Bunda bolaning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda yondashish uchun ularga turli qo‘llanmalarni tavsiya qilyapmiz. Masalan, tub mohiyatida korrupsiyaning yomon illat ekanligini uqtiruvchi turli video materiallar, bolani halollikka undovchi o‘yinlar, bu illatlarning salbiy ta'sirini tushuntirib beruvchi turli vositalar shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasi hamkorligidagi “Ta'lim adolat uchun” tashabbusi doirasidagi seminar-trening davom etmoqda. Pedagoglar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, turli amaliy mashg‘ulotlar, interfaol o‘yinlar orqali malakalarini oshirmoqda.


Oxirgi o‘zgarish: 05/12/2019 14:12;   Ko‘rilganligi: 109
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/qonuniylik-madaniyatini-targib-qilish-bolalikdan-boshlanadi
Chop etilgan vaqti: 30/03/2020 04:03
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing